Shaxmat olimpiadasi: bugungi raqiblarimiz Yevropa, Afrika va Osiyo jamoalari
Bugun, 18-sentabr kuni Samarqandda davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tur bahslarida 102 ta erkaklar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar o‘tkazilishi bo‘yicha qur’a tashlandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston-1 jamoasi Avstriya, O‘zbekiston-2 Germaniya hamda O‘zbekiston-3 Marokash vakillariga qarshi dona suradi.
[gallery-31495]
Bugun o‘tadigan 3-tur o‘yinlarida shuningdek, AQSH-Daniya, Hindiston-Italiya, Xitoy-Bolgariya, Niderlandiya-Avstraliya, Shveysariya-Ozarbayjon, Qozog‘iston-Fransiya jamoalari to‘qnash keladiki, ushbu qarama-qarshiliklar shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lishi shubhasiz.
Kecha o‘tkazilgan 2-tur musobaqasida O‘zbekiston-1 jamoasi 3,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Shaxmatchilarimizdan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Muhiddin Madaminov raqibi bilan murosa yo‘lini tanladi.
Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nigmatov va Xumoyun Begmuratovdan iborat O‘zbekiston-2 jamoasi Jazoir jamoasini 4:0 hisobida dog‘da qoldirgan vaziyatda, Saidakbar Saidaliyev, Bahrom Bahrullayev, Almas Rahmatullayev va Muhammadali Abdurahmonovdan tashkil topgan O‘zbekiston-3 jamoasi Germaniya jamoasiga 1,5:3,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining xotin-qizlar musobaqasi 2-turida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyevadan iborat O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi Ekvador shaxmatchi qizlarini 4:0 hisobida yengdi. O‘zbekiston-2 shaxmatchi qizlari Iordaniya jamoasini 3,5:1,5 ko‘rinishida taslim etdi. Dunyoning eng kuchli shaxmatchi qizlar jamoalaridan biri sanalgan Ispaniya bilan kurash olib borgan O‘zbekiston-3 jamoasi esa 1,5:2,5 ko‘rinishida ochko yo‘qotdi.
Shaxmat olimpiadasining 3-turida 94 ta juftlik jamoalar ro‘baro‘ kelsa, O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi Indoneziya bilan, O‘zbekiston-2 vakillari Ispaniya bilan, O‘zbekiston-3 shaxmatchi qizlari Saudiya Arabistoni jamoasi bilan kuch sinashadi.
Ayollar o‘rtasidagi Hindiston-Gretsiya, Qozog‘iston-Sloveniya, Turkiya-Xitoy, AQSH-Kuba, Eron-Fransiya kabi jamoalarning bahsi ham ko‘pchilikning nazarini o‘ziga qaratishi tayin.
Eslatib o‘tamiz, 11 ta turdan iborat shaxmat olimpiadasi musobaqalari 27-sentabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, Alimurod Mamadaminov (suratlari), O‘zA