Shaxmat: Nodirbek Yoqubboyev “Green Hills Resort Masters 2026”da g‘oliblikka erishdi
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan “Green Hills Resort Masters 2026” turnirida mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev Nodirbek Abdusattorov, Rustam Qosimjonov va rossiyalik, turkiyalik hamda ozarbayjonlik grossmeysterlarni dog‘da qoldirdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 35 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan mazkur turnir uchta guruhda tashkil etildi.
Nufuzli musobaqada Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Hindistondan 10 nafarga yaqin, O‘zbekistondan esa 150 nafardan ziyod shaxmatchi dona surdi.

Musobaqaning asosiy toifasi — “Masters” guruhida yetakchi shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov, Rustam Qosimjonov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, shuningdek, rossiyalik Vladislav Artemiyev, ozarbayjonlik Shahriyor Mamedyarov va turkiyalik Yagiz Kaan Erdog‘mushdan iborat 8 nafar xalqaro grossmeyster rapid va blits yo‘nalishlarida aylanma tizimda o‘zaro bahslashdi.
9 ta turdan iborat bahslar yakuniga ko‘ra, hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev 15 ochko jamg‘arib, g‘oliblikni tantana qildi va musobaqa nizomiga muvofiq 5 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
14,5 ochko bilan 2-o‘rinni egallagan Nodirbek Abdusattorov 4 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi. 13,5 ochko bilan 3-o‘rinni band etgan Vladislav Artemiyev 3 ming AQSH dollariga egalik qildi.
“Masters” guruhida 4–8-o‘rin sohiblarining har biriga 1 ming AQSH dollaridan iborat mukofot pullari taqdim etildi.

Turnirning qolgan yo‘nalishlarida hamyurtlarimiz Almaz Rahmatullayev va Muhammadyusuf Bahromov 1-o‘rinni band etishdi. Shuningdek, yurtimizning yosh shaxmatchilari Abdumalik Abdusalimov, Said Xalilov, Sarvar Abduaxatov hamda ozarbayjonlik Eltaj Safarli sovrinli o‘rinlarni band etishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA