Bugun, 24 yanvar kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining 6-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Ortda qolgan 5 ta tur bahslari sarhisobiga ko‘ra, 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, “Masters” guruhi yetakchisiga aylangan Nodirbek Abdusattorov 6-turda oq donalarda klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni va mazkur turnirning 2024 yilgi g‘olibi, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, hamyurtimiz singari 4 ochkoga ega bo‘lgan holda 2-o‘rinda borayotgan hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa oq donalarda xitoylik Vey I bilan bahs olib boradi.
“Tata Steel Chess-2025”ning “Chellenjer“ guruhida qatnashayotgan Nodirbek Yoqubboyev 6-turda oq donalarda germaniyalik Frederik Svane bilan ro‘baro‘ keladi.
Aytish lozim, Yoqubboyev hozirda 2,5 ochko bilan 14 nafar ishtirokchi orasida 8-o‘rinda bormoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA