Shaxmat: jahon chempionati olimpiadaga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi
Gongkongda shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatining blits yo‘nalishida bronza medalini qo‘lga kiritgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari “Islom Karimov” nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bosh kotibi Bobir Sattorov hamda keng jamoatchilik vakillari Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova va Akjol Rahmatullayevdan iborat “O‘zbekiston” jamoasi Magnus Karlsen, Arjun Erigaisi, Uesli So, Alireza Firuzja, Fabiano Karuana, Richard Rapport singari dunyoning eng kuchli grossmeysterlariga ega 48 ta jamoa orasida bronza medalni qo‘lga kiritgani o‘zbek shaxmat maktabining xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yildan yilga yuksalib borayotganini yana bir karra namoyon etdi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston” jamoasi mazkur chempionatda bronza medalini qo‘lga kiritish bilan birga shaxmatchilarimiz o‘z taxtalarida ajoyib shaxsiy natijalarni qayd etdi.

Xususan, Nodirbek Abdusattorov 1-taxtadagi 19 ta o‘yinda 15.5 ochko bilan oltin, Umida Omonova ayollar o‘rtasidagi bahslarda 12 ta o‘yindan 9 ochko bilan kumush, Akjol Rahmatullayev 21 ta o‘yinda 14.5 ochko bilan kumush, Shamsiddin Vohidov 15 ta o‘yinda 8.5 ochko bilan bronza medaliga ega chiqqani mahoratli shaxmatchilarimizning joriy yil sentabr oyida Samarqandda 200 dan oshiq milliy terma jamoalar ishtirokida tashkil etiladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga munosib hozirlik ko‘rayotganini amalda isbotladi.

– Jamoalar o‘rtasida rapid va blits yo‘nalishlarida o‘tgan mazkur dunyo birinchiligi terma jamoamiz uchun yurtimizda bo‘ladigan shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi. Shaxmatchilarimiz raqiblarining texnik-taktik jihatlarini, ularning ruhiy muvozanatini o‘rgandi. Jamoaviy o‘yin ko‘nikmasini oshirdi. Bundan tashqari, iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov uchun shu yilning 23-noyabr -17-dekabr kunlari 18-jahon chempioni Gukesh Dommaradjuga qarshi bo‘ladigan musobaqaga o‘ziga xos hozirlik vazifasini o‘tagani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Saidali Yo‘ldoshev.
Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida mamlakatimizning uchta shaxmat jamoasi Vatanimiz sharafini himoya qiladi. O‘zbekiston-1 terma jamoasi tarkibida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov dona sursa, O‘zbekiston-2 terma jamoa safida Abdumalik Abdusalimov, Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Begmurotov, Ortiq Nig‘matov harakatlanadi. O‘zbekiston-3 jamoasi Saidakbar Saidaliyev, Bahrom Bahrillayev, Almas Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov, Asrorjon Omonovdan iborat etib belgilangan.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA