Shaxmat: Hikaru Nakamura Sindorov jamoasiga qo‘shildimi?
Mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov Kiprda jahon chempionati oldi mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgan ayni kunlarda uning tayyorgarligi, murabbiylari, hamkorlari to‘g‘risida xalqaro nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar bildirilmoqda.
Xususan, kuni kecha dunyo shaxmat olamining turli ijtimoiy tarmoqlari amerikalik Hikaru Nakamura Javohir Sindorovga jahon chempionligi uchun kurashda yordam berayotganligi to‘g‘risidagi xabarlarni tarqatdi.
Unda Nakamura shu kunlarda Kiprda Sindorovning tayyorgarlik jamoasiga qo‘shilgani va mashg‘ulotlarda qatnashayotganligi aytib o‘tilgan.
FIDE reytingi bo‘yicha jahonning ikkinchi raqamli shaxmatchisi hisoblangan Hikaru Nakamura Javohir bilan o‘tkazayotgan ehtimoliy mashg‘ulotlari xususidagi munosabatlarga to‘xtalib, “men uning jamoasida emasman. Lekin, 2.Ke2 yurishi bo‘yicha biroz maslahat beryapman”, deya hazilomuz javob qaytargan.

Aytish lozim, Nakamuraning ushbu iqtibosida gap mashhur Bongcloud yurishi haqida ketmoqda. Bu yurishda shoh o‘yinning boshidayoq oldinga chiqadi va shaxmatchilar undan ko‘pincha hazil tariqasida foydalanishadi.
Hikaruning haziliga ko‘ra, u bu yurishni aslida Magnus Karlsenga qarshi jahon chempionati uchun tayyorlagan. Endi esa o‘sha tayyorgarligini Sindorov bilan davom ettirayotgan bo‘lishi ehtimol...
Nakamura jurnalist va blogerlarning mashg‘ulot to‘g‘risidagi munosabatiga fikr bildirib, Magnus Karlsen Gukeshga jahon shaxmat tojini himoya qilishda maslahat berayotgan bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA