Kitob “Tafakkurning 64 nuqtasi” deb nomlanadi. Shaxmatga sportning bir turi deyishdan ko‘ra – aqlni charxlovchi vosita, deya qarash ustunlik qilib keladi. 64 katak ichida kechadigan beomon “to‘qnashuv”larni biz aqllar jangi deymiz.
Shaxmat – tafakkurlar o‘yini, to‘qnashuvi.
Shaxmat – go‘zallik va nafosat olamiga sayrning noyob timsoli...
Amerikalik siyosiy arbob va olim Benjamin Franklin ta’biri bilan aytganda, olmos jilolanib briliantga aylanganidek, shaxmat bilan shug‘ullanish aqliy imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi.
Kitob mualliflari Murtazo Rahmatov, Anvar Shukurov va Bakriddin Zaripovlar professional shaxmatchilar emas, balki ilm odamlari, biri – iqtisodchi, biri – biolog, biri ...
Kitobga yuridik fanlari doktori, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shaxmat hakami Komil Sindorov so‘zboshi yozgan.
Xo‘sh, bu kitob nimasi bilan sizni o‘ziga jalb qilishi mumkin?
Mutolaa jarayonida xayolan eramizdan oldingi davr – Dalvarzintepaga sayohat qilasiz. O‘zbek zamini shaxmat vatani bo‘lmish davlatlar qatorida turishidan ko‘nglingiz g‘ururga to‘ladi.
Kitobga kirgan maqolalarning har biri, ayniqsa, yoshlar uchun alohida dars, saboq. Ilm olami, mantiq sabog‘i, shaxmatning vatani qayer, shatranjda jo bo‘lgan harb ilmi, shaxmat dorilfununi, 64 kattakka jo bo‘lgan hayot saboqlari... sizni shatranj olami nozikliklari bilan ipsiz bog‘lab qo‘yadi.
Jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteri, shaxmat tojini ham O‘zbekistonga olib kelamiz kabi undov, chaqiriqlar qalbingizda aks-sado berayotganini his etib turasiz.
O‘z-o‘zidan shaxmat, ya’ni “aql o‘yini” bilan necha yoshdan shug‘ullanish mumkin, degan savol ko‘nglingizdan o‘tadi. Kitobda qiziq ma’lumotlarga duch kelasiz: “...kubalik mashhur shaxmatchi Xose Raul Kapablanka 5 yoshida otasiga qiziqib, shaxmat o‘ynashni o‘rgangan. Amerikalik Robert Fisher shaxmat o‘ynashni 6 yoshligida opasidan o‘rgangan. Garri Kasparov 5 yoshida shaxmatni o‘rganib, 10 yoshida terma jamoa tarkibiga qabul qilingan. Dovruqli rus shaxmatchisi Anatoliy Karpov ham 5 yoshida shaxmat bo‘yicha ilk saboqlarini olgan.
Jahonning eng yosh xalqaro grossmeysteri Vatandoshimiz Javohir Sindorov to‘rt yarim yoshida shaxmat olamiga qadam qo‘ygan...”
“Tafakkurning 64 nuqtasi”ni o‘qing. Shaxmat olamiga oid qimmatli ma’lumotlarga duch kelasiz. Yosh shaxmatchilarimiz ovozi dunyoga baralla yangrayotgani bejiz emasligiga amin bo‘lasiz.
A.Narzulloyev, O‘zA