Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida klassik shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Superbet Chess Classic Romania-2025” turnirining 7-turida g‘alabaga erishdi.
O‘tgan 6 ta turning 5 tasida durang, 1 tasida mag‘lubiyat holatida nufuzli musobaqada qatnashayotgan Abdusattorov 7-turda polshalik Yan-Krishtof Dudani mag‘lubiyatga uchratib, yetakchilikka da’vogarlar qatoriga qo‘shildi.

Mazkur natijadan keyin 3,5 ochkoga ega N.Abdusattorov qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Bugun, 15 may kuni musobaqaning 8-turida hamyurtimiz turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan Alireza Firuzdja bilan kuch sinashadi.

Mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning ortda qolgan 7 ta turi holatida 4 nafar shaxmatchi 4 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 4 nafar ishtirokchi hisobida 3,5 ochko bor. Oxirgi o‘rinlarni band etgan 2 nafar shaxmatchi 2,5 ochkoga ega.
T.Ro‘ziyev, O‘zA