Shaxmat: Afruza Hamdamova yoshlar o‘rtasida jahon chempionligiga erishdi
Serbiyaning turistik markazlaridan biri Vrnyachka-Bane shaharchasida 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan FIDE jahon chempionatining rapid yo‘nalishida Afruza Hamdamova g‘oliblikka erishdi.
40 ta davlatning 450 nafardan ziyod sportchilari qatorida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari o‘z yosh toifalaridagi bahslarda g‘oliblikka da’vogarlik qilish asnosida katta tajriba to‘plagani, ayrim vaziyatlarda kuchli shaxmatchilarni dog‘da qoldirgani e’tiborli bo‘ldi.

11 ta turdan iborat rapid musobaqalarining o‘g‘il bolalar bahsida 8 yoshli shaxmatchilar orasida Muhammadyusuf Bahromov va Komiljon Murtazayev 6 ochko jamg‘arib, 9-10 o‘rinni, Nurmuhammad Ne’matillaxonov 8,5 ochko bilan 10 yoshlilar orasida 4-o‘rinni, Islombek Hasanov 8 ochko bilan 12 yoshlilar orasida 3-o‘rinni, Abdumajid Botiraliyev 7 ochko bilan 14 yoshlilar orasida 7-o‘rinni va Akbarali Abduhakimov 6,5 ochko bilan 18 yoshlilar orasida 11-o‘rinni egalladi.
Shaxmatchi qizlar o‘rtasidagi musobaqada Afruza Hamdamova 8,5 ochko bilan 18 yoshlilar musobaqasida rapid yo‘nalishida jahon chempionligi shohsupasiga ko‘tarilgani tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Shuningdek, shaxmatchi qizlarimizdan 12 yoshlilar orasida Husnoraxon Husniddinova 4 ochko bilan oltinchi, Lazizabonu Komiljonova va Mohinur Hikmatxonova 14 yoshlilar ichida 6,5 ochko bilan sakkizinchi va to‘qqizinchi, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva 7,5 ochko bilan 16 yoshlilar kurashida to‘rtinchi o‘rinlardan joy oldi.
Bugun, 18-aprel kuni jahon chempionati dasturiga binoan dam olish kuni sifatida belgilangan.
19-20-aprel kunlari esa blits yo‘nalishida yosh toifalari bo‘yicha jahon birinchiligining g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA