Shaxmat: Afruza Hamdamova Bibisara Assaubayeva bilan kuch sinashdi
Shu kunlarda onlayn formatda shaxmat bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasidagi “Women’s Speed Chess Championship 2026” bahslari davom etmoqda.
E’tiborli jihati, dunyoning eng kuchli xotin-qiz shaxmatchilari qatnashayotgan mazkur turnirda hamyurtimiz Afruza Hamdamova ham dona surmoqda.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat turnirga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, Afruza Hamdamova 1/16 final bosqichida blits bo‘yicha ikki karra jahon chempioni qozog‘istonlik Bibisara Assaubayeva bilan kuch sinashdi.

Musobaqa nizomiga muvofiq, bahslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri pley-off tizimida o‘tkazilib, 3 ta vaqt nazoratidan iborat bo‘ladi.
Afruza Hamdamova - Bibisara Assaubayeva to‘qnashuvining dastlabki 2 ta partiyasida tomonlar murosa yo‘lini tanladi. Ammo, 14 ta partiyadan iborat janglarda qozog‘istonlik B.Assaubayeva 10.5:3.5 hisobida ustunlikka erishdi.
Ushbu natijadan keyin B.Assaubayeva g‘oliblik yo‘lidagi bahslarni davom ettiradigan bo‘ldi. Hamdamova esa mag‘lub bo‘lganlar guruhida dona surishga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqalarda eng ko‘p ochko jamg‘argan ishtirokchi keyingi bosqichga yo‘l oladi.
“Women’s Speed Chess Championship 2026” turniri 30-iyulga qadar onlayn tarzda davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA