Xalq deputatlari sessiyasidan so‘ng Prezident kutilmaganda Farg‘ona shahridagi Shodiyona mahallasiga bordi. Mahalla oralab yurib, aholi bilan uchrashdi.
- Mana, bugun viloyatlaringizga yangi hokim qo‘ydik. Mahallabay ishlash tizimini joriy qilyapmiz. Haqiqiy ahvolni bilish, odamlarning og‘irini yengil qilish uchun mahallangizga o‘zim keldim, - dedi Shavkat Mirziyoyev ayollar bilan suhbatda.
Onaxonlardan biri ertaga o‘g‘lining to‘yi bo‘lishini aytdi. Prezident ularni tabriklab, yosh oilaga baxt, sog‘lik tiladi.
Kutilmagan tashrifdan xursand bo‘lgan odamlar davlatimiz rahbariga sihat-salomatlik, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.
Sohibqiron Temur ko‘chasi bo‘ylab yurilib, uy-joylar, savdo shoxobchalari ko‘zdan kechirildi.
Shavkat Mirziyoyev mahalla idorasiga kirib, mahalla raisi va maslahatchilar bilan suhbatlashdi. Aholining yashash sharoitlari, hududdagi muammolarni so‘radi. Ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.