Shavkat Ayupov: “Mamlakatimizda kechayotgan islohotlar Amir Temur davridagi tarixiy jarayonlar bilan hamohang”
Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida sohibqiron haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov mazkur sana munosabati bilan amalga oshirilayotgan xalqaro miqyosdagi tadbirlar va ilmiy izlanishlar yuzasidan fikr bildirdi:
– Amir Temur tavalludi bu yil mutlaqo yangi ruhda nishonlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jamiyat hayotidagi yangilanishlar o‘sha davrdagi tarixiy jarayonlar bilan ma’lum ma’noda hamohangdir. Chunki Amir Temur zamonida ikkinchi Renessans poydevori yaratilgan bo‘lsa, bugun biz uchinchi Renessans asoslarini barpo etmoqdamiz, – dedi Fanlar akademiyasi prezidenti. – Ayniqsa, ilmiy jamoatchilik tomonidan ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Bu borada yaqinda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi alohida ahamiyatga ega. Ushbu markaz nafaqat ilmiy tadqiqotlar olib borish, balki yosh avlodga tarixiy haqiqatni yetkazish, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Markazning asosiy maqsadlaridan biri – yoshlarga birinchi va ikkinchi Renessans davrlarida yetishib chiqqan buyuk allomalar, davlat arboblari va sarkardalar aynan shu zamin farzandlari ekanini anglatishdir. Bu esa, o‘z navbatida, yangi O‘zbekistonda barpo etilayotgan uchinchi Renessans uchun mustahkam ma’naviy va ilmiy poydevor yaratadi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan ilmiy va madaniy loyihalar, xalqaro anjumanlar va tadqiqotlar Amir Temur va temuriylar merosining jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini yanada ochib berishga xizmat qilmoqda. Bu ishlar nafaqat milliy, balki global ahamiyat kasb etayotgani bilan ham alohida e’tiborga loyiq.
Batafsil videoda…
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/n1Bjgy4CrKs" title="Shavkat Ayupov:“Mamlakatimizda kechayotgan islohotlar Amir Temur davridagi jarayonlar bilan hamohang" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Iskandar ISMATOV (video),
O‘zA