Shartnoma majburiyatlari bajarilmadi ...
Ma’lum qilinishicha, 2019-yil 30 yanvar kuni “Mega leader” MCHJ bilan Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish bo‘yicha yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi o‘rtasida 1-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan.
Shartnomaga asosan mas’uliyati cheklangan jamiyati loyihada ko‘zda tutilgan ob’ekt Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar T.Malik mahallasidagi suv inshootni rekonstruksiya qilishi, injiniring kompaniyasi esa pudratchiga ta’mirlash ishlarini bajarish uchun zarur sharoitlar yaratishi, ularni qabul qilish va to‘lovni amalga oshirish majburiyatini olishi nazarda tutilgan.
Pudratchi tomonidan ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, 2019 yil 14 fevralda suv inshooti foydalanishga topshirilgan. Biroq, Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish bo‘yicha yagona injiniring kompaniyasi tomonidan shartnomada belgilangan kafolat muddati o‘tgandan keyin bajarilgan ishlar qiymatining 5 foizlik kafolat summasi, ya’ni 94 450 000 so‘m to‘lab berilmagan.
Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida tadbirkorning e’tirozlari asosli bo‘lib chiqdi. Ushbu qarzdorlik 2019 yil 14 fevralda suv tarmog‘i qurilish ishlarini bajarish ishlari tugallangan ob’ektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida Davlat ishchi va hay’at komissiyasining tegishli dalolatnomasi va buyurtmachi tomonidan 2019 yil 29 iyunda tasdiqlangan hisob-kitob ma’lumotnomasida ham o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 638-moddasiga ko‘ra, agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart.
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tadbirkor manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Mazkur ish ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi. Sudning hal qiluv qarori bilan viloyat hokimligining qurilish bo‘yicha yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi hisobidan “Mega leader” MCHJ foydasiga 94 450 000 so‘m miqdorida asosiy qarz, 6 700 000 so‘m miqdorida penya undirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, injiniring kompaniya respublika byudjetiga 2 833 500 so‘m miqdorida davlat boji to‘laydigan bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA