Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining bakalavr va magistratura ta’lim yo‘nalishlarini tugatgan bitiruvchi-yoshlarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlatimizning eng nufuzli ta’lim maskanlaridan biri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘zining 107 yillik tarixiga ega. O‘tgan yillar davomida bu dargohni tamomlagan minglab yoshlar bugun yurtimizning yetakchi sohalarida faoliyat olib borishmoqda. Ushbu ta’lim maskanida uzoq yillardan beri arab, turk, yapon, xitoy, koreys, urdu, fors, hind kabi 20 ga yaqin tillar yoshlarimizga mukammal tarzda o‘rgatilib kelinadi. Joriy yilda ham 2 ta fakultet va 2 ta institutni ham bakalavr hamda magistratura mutaxassisligi yo‘nalishlarini 987 nafar bitiruvchi muvaffaqiyatli tamomladi.
Tantanali diplom topshirish marosimi unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Marosimda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ota-onalar, taniqli sharqshunos mehmonlar hamda bitiruvchilar ishtirok etdi. Tadbirni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Gulchehra Rixsiyeva ochib berdi. U o‘z nutqida bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirib, ularni kelajakda yurt taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilishga chaqirdi.
Marosimda bitiruvchilarga diplomlar tantanali tarzda topshirildi. Eng faol, iqtidorli va namunali bitiruvchilarga faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.
Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA