Vatanimiz tarixidagi 25 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1498 yil (bundan 527 yil oldin) – tarixchi Xondamirning ma’lumot berishicha, Puli chirog‘ darasida Xuroson hukmdori Sulton Husayn Boyqaro va uning o‘ttiz yoshli o‘g‘li Badiuzzamon o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi. Ota va o‘g‘il o‘rtasidagi urush Sulton Husaynning g‘alabasi bilan tugadi. Badiuzzamon Qunduz tomon chekindi. Bu haqda tarixchi Xondamir quyidagicha yozadi:
“Ana shu ahvol asnosida xislati maqtovga sazovor xoqon (Sulton Husayn) o‘zining iqbolli soyasini ana shu ma’rakaga tushirdi. Badiuzzamon mirzoning ko‘zlari podshoh bayrog‘ining mohchasiga tushishi bilan o‘zini yo‘qotdi va shu tarzda otaga qarshi turishni hurmat yuzasidan aqlga sig‘maydigan ish deb hisoblab, ixtiyor va zarurat yuzasidan jang maydonini tashlab chiqdi va yuzini chekinish vodiysiga qaratdi...”
1879 yil (bundan 146 yil oldin) – “Turkiston viloyatining gazeti”da Qo‘qonning sobiq xoni Xudoyorxon haqida xabar bosildi. Bu vaqtda Xudoyorxon Orenburg surgunidan qochib Yaqin Sharqda yurgan edi. U hukmronlik qilgan Qo‘qon xonligi ham ruslar tomonidan tugatib yuborilgandi. Adabiyotshunos va tarixchi Sharif Yusupovning qayd etishicha, xabarda bunday deyilgan:
“Ushbu yaqinda Makka mazma’idin qaytib kelgan bir hoji Xudoyorxon to‘g‘risida aytgan xabaridan zohir bo‘ladurki, ushbu yil Xudoyorxon Makka mazma’ig‘a borib haj qilg‘on ekan. Xudoyorxon xonlig‘ vaqtida bir kishini shahardan badarg‘a aylab, tasarrufidagi amvollarini xazinaga olib, o‘zini haydab yuborgandin so‘ng ul bechora nochor hajg‘a borib, bir necha yildin buyon o‘sha taraflarda turg‘on ekan.
Chun Xudoyorxon haj uchun Makka mazma’ig‘a borganda, ul kishi Xudoyorxonni ko‘rub: “Ey noinsof, manga muncha jabr-zulm qilib, axiyri o‘zungning ham axvoling shul bo‘ldimu?” – deb tosh birla og‘ziga urub, Xudoyorxonni tishini sindiribdur. Ba’daz on xon o‘shal yerni ulug‘lariga arz qilib, urgan kishi bilan taftishga tushgan ekan. Ammo ishlari nechuk bo‘lub bitushgani ma’lum emasdur. Ba har taqdir xud shu kunlarda Xudoyorxonning o‘zi Shom shahrida turgan emish”.
Biroq o‘zbek ma’rifatparvari, shoir Ishoqxon Ibratning yozishicha, voqeaning yakuni gazetadagi xabardan boshqacharoq bo‘lgan. Gazetada yozilganidek, u o‘sha yerning ulug‘lariga arz qilib, urgan kishi bilan taftishga tushmaydi, balki Makkadagi jazo idoralari aybdorga to‘rt yillik qamoq jazosi belgilaganda, sobiq xon uning gunohidan kechganligini aytib bu jazo yumshatilishiga erishadi.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – “Ulug‘ Turkiston” gazetasining birinchi soni chiqdi. Obuna uchun “g‘azitaning bahosi yilliq 7 so‘m, olti oyliq 4 so‘m, uch oyliq 2 so‘m 25 tiyin” narx belgilangan. Gazeta 4 sahifadan iborat bo‘lib, uning birinchi beti yuqori qismida e’lon (reklama) undan so‘ng kunning eng muhim voqeasi bayon etilib, keyingi sahifalarda “Telegraf xabarlari”, “Siyosiy ahvol”, “Adabiyot”, “Dohiliya xabarlari”, “Turkiston xabarlari”, “Toshkand xabarlari” va yana oxirida e’lonlar o‘rin olgan. Gazeta “Yashasin millatlar muxtoriyati” shiori ostida ish yuritgan.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Hamid G‘ulom tavallud topdi (vafoti 2005 yil). Uning komik rollar ustasi Soib Xo‘jayev ijro etgan Toshbolta oshiq to‘g‘risidagi komediyasi Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan. Hamid G‘ulom 1998 yilda “El-yurt hurmati”, 2004 yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan.
1933 yil (bundan 92 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati “Respublika qo‘lyozma fondlarini birlashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Mazkur qarorga binoan Toshkentdagi Davlat kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi) O‘zbekistondagi qo‘lyozmalar saqlanadigan markaziy tashkilot deb e’lon qilindi va respublikaning barcha muassasalariga o‘zlarida saqlanayotgan har qanday mazmundagi sharq qo‘lyozma kitoblarini ikki oy muddat ichida o‘z hisobidan yuqorida zikr etilgan kutubxonaga yetkazish majburiyatini yukladi. Qarorda aholidan qo‘lyozmalarni sotib olishga mablag‘lar ajratish ham nazarda tutilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1943 yili Davlat kutubxonasining sharq bo‘limi negizida Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish instituti tashkil etilganidan so‘ng, qo‘lyozmalarni saqlovchi markaziy tashkilot funksiyasi shu institutga o‘tkazildi. Bugungi kunda bu tashkilot O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti deb nomlanadi. Institutning qo‘lyozmalar xazinasi nafaqat to‘plangan kitoblar va hujjatlarning soni, ularning mavzu, til va davr rang-barangligi, balki qo‘lyozmalarning o‘ziga xos kitobat usuli bilan ham ajralib turadi. Institut qo‘lyozmalar fondi 2000 yilda YUNESKOning Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Hozirgi kunda Sharqshunoslik instituti xazinasida arabiy yozuvdagi 26000 dan ortiq qo‘lyozma, 39000 dan ziyod bosma kitoblar mavjud bo‘lib, ularning soni yildan yilga ko‘payib bormoqda.
1949 yil (bundan 76 yil oldin) –O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosi “O‘zbekiston sovet yozuvchilari Soyuzining ishi to‘g‘risida” qaror chiqardi. Ushbu qarorda “Sharq yulduzi” (muharriri Oybek) jurnalining “ahvoli yomonligi, u xato yo‘lga tushib qolganligi” ta’kidlandi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida” Qonunlar qabul qilindi.
2015 yil (bundan 10 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA