Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Milliy miniatyura san’atiga asos solgan, buyuk musavvir va naqqosh Kamoliddin Behzod tavalludining 565 yilligi munosabati bilan “Sharqning ulug‘ musavviri", deb nomlangan tadbir o‘tkazildi.
Yosh ijodkorlarning o‘z asarlarida insonparvarlik g‘oyalari, ezgu intilish hissini, go‘zallik to‘g‘risidagi tasavvurni ifodalash hamda ulug‘ ajdodlarimiz merosi bilan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirga san’atshunos olimlar va bo‘lajak musavvirlar, san’at yo‘nalishidagi maktablar, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talaba va o‘qituvchilari hamda san’at muxlislari taklif etildi.
Tasviriy miniatyura rassomi, Kamoliddin Behzod nomidagi mukofot sohibi, Badiiy Akademiya a’zosi Toyir Boltaboyev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Shomahmud Muhammadjonov, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi direktori Gulabza Qarshiyeva Kamolliddin Behzod nainki o‘zbek va Sharq xalqlari madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxs, balki jahon tamadduni xazinasini o‘zining ajoyib qimmatbaho durdonalari bilan boyitgan, butun dunyo sivilizatsiyasi tarixida salmoqli o‘rin olgan buyuk va zabardast san’atkor ekanini ta’kidladi.
[gallery-287]
Uning ijodi Sharqu G‘arbda katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. «Sharq Rafaeli», deb ataluvchi Kamoliddin Behzod ijodini ham badiiy asar sifatida, ham ilmiy jihatdan tadqiq etish borasidagi ko‘plab tadqiqotlar buning yorqin namunasidir.
Tadbirda shuningdek, Behzod portret janrining boshlovchisi va mohir ustasi ekani, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Abdulloh Hotifiy, Sulton Husayn Boyqaro, Shayboniyxon kabi tarixiy shaxslarning portretlari Behzod mo‘yqalami tufayligina bizgacha yetib kelganligi e’tirof etildi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda barcha sohada tub burilish hamda o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shular qatori madaniyat va san’at sohasi yanada ravnaq topib borayotgani kishini quvontiradi.
Tadbirda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi tomonidan buyuk musavvirning izdoshlari asarlari, xattotlik san’ati namunalari, zamonaviy miniatyura asarlaridan iborat xalqaro ko‘rzgazmalar ham tashkil etildi. Shu bilan birga, Sharq miniatyura san’ati ustasi Shomahmud Muhammadjonov ijodiga oid shaxsiy ko‘rgazma ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zA