18 oktyabr – Samarqand shahri kuni
Samarqand – qadimiy va hamisha navqiron shahar, yer yuzining sayqali, Sharq gavhari, deya bir-biridan go‘zal ta’rif va tashbehlar bilan aytiladigan muqqadas maskan.
Uch ming yillik tarixi davomida bu zamin ne-ne ulug‘ allomalar, jahongirlar, olimu fuzalolarga beshik bo‘lmadi, deysiz. Shuning uchun ham Samarqand haqida gap ketganda jahonga ilm-ma’rifat, ziyo taratgani alohida tilga olinadi. Azaldan bu kentda ilm-fan, madaniyat, san’at, hunarmandchilik rivoj topgan, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi bo‘lgani uchun savdo-sotiq taraqqiy etgan. Ikki uyg‘onish davrida ham Samarqandning, bu muqaddas zaminda kamolga yetgan allomalarning munosib hissasi bo‘lgan.
Bugun Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yishdek ulug‘vor maqsad ilgari surilayotgan Yangi O‘zbekistonda Samarqandning o‘rni, aytar so‘zi, chiroyi bo‘lakcha albatta.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining alohida e’tibori bilan Samarqandni bir millionli shaharga aylantirish, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish borasida yirik dasturlar amalga oshirilmoqda.
Bir paytlar toshloq maydon bo‘lgan Qorasuv massivida keyingi sakkiz yilda qariyb 100 ming aholi yashaydigan zamonaviy shaharcha paydo bo‘ldi. Ayni paytda shu kabi yana bir yirik loyiha – Qoradaryo bo‘yida “Shirin” ishbilarmonlik markazi qurilishi amalga oshirilmoqda. 665 gektar maydonni egallagan bu hudud turar-joylar, ma’muriy va biznes markazlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ko‘ngilochar maskanlar, shuningdek, zamonaviy transport va muhandislik kommunikatsiyalarini o‘z ichiga oladi. Shaharchani barpo etish to‘rt bosqichga bo‘lingan bo‘lib, birinchi bosqichda daryo ustida ko‘prik qurilgach, uning ikki tomonidagi 100 gektar yer maydonida qurilish ishlari amalga oshiriladi.
– Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani sinari Samarqand shahrida ham yildan-yilga qurilish-bunyodkorlik ishlari hajmi oshib bormoqda, – deydi Samarqand shahri hokimi o‘rinbosari Feruz Najmiddinov. – Jumladan, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida Samarqand shahrida suv taminoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha umumiy kiymati 225 million AKSH dollariga teng qurilish-pudrat ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha asosida ikkita tunnel, to‘rtta piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurilmoqda. 12 kilometr oqova tizimi va yana shuncha masofada ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi. 12 kilometr magistral yo‘l qurilishi davom etmoqda. 22 kilometr piyodalar yo‘laklari qurildi. Bundan tashqari, 20 yildan buyon isitish tizimi bo‘lmagan Samarqand shahrining Sartepa, So‘g‘diyona, Mikrorayon “A”, “B” hududlari, temiryo‘l atrofidagi ko‘p qavatli uylarni markazlashgan tizimga ulash bo‘yicha ishlarning birinchi bosqichi yakunlanib, 93 ta uyga issiqlik ta’minoti va issiq suv yetkazib berish imkoniyati yaratildi. Ikkita yangi maktab, uchta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurildi, 8 tasi rekonstruksiya qilindi. Shahrimizning Qorasuv massivida yangi tug‘ruqxona foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, ayni paytda yana bitta shunday muassasa Kimyogarlar shaharchasida tashkil etilmoqda.
Necha yillardan buyon e’tibordan chetda qolgan Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududida ham joriy yilda renovasiya dasturi asosida amaliy ishlar boshlandi. Bu yerda 301 gektar maydonda yuz ming aholi uchun 31 mingta xonadon, shuningdek, zamonaviy loyihalar asosida maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, oliy ta’lim muassasasi, sport sog‘lomlashtirish maskanlari, ko‘p qavatli avtoturargohlar, madaniyat va istirohat bog‘lari, ekobozor, savdo va ko‘ngilochar markazlar barpo etiladi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida shahardagi Yangi hayot va Chilquduq mahallalarida 6 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu jarayonda mazkur hududlarda 9 ta yangi transformator, 125 ta temirbeton tayanch o‘rnatilib, 14,3 kilometr masofaga SIP kabellar tortildi. 1,3 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, 1400 metrga yaqin masofada beton lotoklar o‘rnatildi.
[gallery-25770]
Shahardagi bunyodkorlik ishlari jarayonida aholining munosib dam olishi uchun zarur sharoit yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda yangi istirohat bog‘lari, yashil parklar, madaniyat maskanlari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston ko‘chasidagi sobiq harbiy gospital o‘rnida qariyb 5,5 gektar maydonda “Bolalar va yashil jamoat parki” barpo qilindi. Vatanparvar bog‘i esa zamonaviy neoparkka aylantirilmoqda. Shahar markazidagi Alisher Navoiy ko‘chasini esa tunu kun faoliyat ko‘rsatadigan turizm ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Gap turizm haqida borar ekan, keyingi yillarda Samarqand dunyoga Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi sifatida namoyon bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. Sayyohlar oqimi yildan-yilga oshib bormoqda. Birgina joriy yilning 8 oyida Samarqandga 3,8 million mahalliy va 1,9 million xorijiy sayyoh kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ko‘p deganidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon turizm xizmatlari eksporti 427 million dollarni tashkil etdi. Turizmni keng ommalashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro festivallar, madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Natijada mavsumdan tashqari oylarda ham viloyatga 693 ming nafar xorijiy, 1,5 millionga yaqin mahalliy sayyoh tashrifi kuzatildi.
Bugun bu qadimiy va navqiron kent dunyoga yangicha nigoh, yangicha qarash, yangicha maqsadlar bilan namoyon bo‘lmoqda. Samarqand – yirik xalqaro forum va anjumanlar, siyosiy tadbirlar, madaniy muloqotlar o‘tkaziladigan muhim nuqtaga aylandi. Bu nuqtada bugun Sharq va G‘arbning, Yevropa va Osiyoning maqsadlari, tashabbus va intilishlari birlashmoqda.
Ayni jihatlar shu kunlarda qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan Birlashgan Millatlar tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-yubiley sessiyasi tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlarida ham o‘z aksini topmoqda.
Samarqand va uning ko‘p millatli, mehmondo‘st xalqi bugun ana shunday yirik xalqaro anjumanlarga tayyorgarlik bilan 18 oktyabr – Samarqand shahri kunini keng nishonlamoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TDFZFKK1iCs" title="18 oktyabr – Samarqand shahri kuni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat, video),
O‘zA muxbirlari