Sharq va G‘arb madaniyati o‘quvchilar nigohida
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpoq akademik litseyining chet tillari kafedrasi tomonidan fan oyligi doirasida «Sharq va G‘arb madaniyatining o‘zaro uyg‘unlashishini ifoda etish» mavzusida badiiy-adabiy vatanparvarlik kechasi bo‘lib o‘tdi.
Akademik litsey direktori, podpolkovnik U.Kadirov bunday kechalarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning zamonaviy bilimlarni egallashga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.

Tadbirda shuningdek, dunyoning eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri AQSHning Nyu-York shtatidagi Kolumbiya universiteti magistranti Shon Sing, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti chet tillari fakulteti kafedra mudiri Z.Uteshova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, katta leytenant A.Kengesbayev ishtirok etib, o‘quv yurtida yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.

Litsey o‘quvchilari o‘rtasida Sharq va G‘arbning taniqli shoir va yozuvchilarining yorqin siymolarini aks ettiruvchi suratlarini chizish, «Mamlakatimizning boy madaniyati» nomli eng yaxshi videorolik bo‘yicha tanlovlar o‘tkazildi.
O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy dasturlar namoyishi, taniqli shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodini ifoda etuvchi sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida tanlov g‘oliblari, shuningdek, faol ishtirok etgan o‘quvchilar litsey jamoasi tomonidan tayyorlangan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA