Shu yilning 26-30 avgust kunlari Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Ayni paytda qadimiy va hamisha navqiron shaharda mazkur san’at bayramiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ushbu jarayon va bu yilgi festivalning o‘ziga xos xususiyatlari haqida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov bu yilgi festival dastlab Samarqand xalqaro turistik markazi hududidagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazilishi haqida xabar berilib, keyinchalik yana Registon maydoni tanlanganiga izoh berdi.
– Ramziy ma’noda aytadigan bo‘lsak, “Sharq taronalari” Registon maydonida tug‘ilgan va festival haqida gap borganda avvalo ko‘z oldimizga ushbu muazzam majmua keladi, – dedi R.Qobilov. – Qolaversa, boshqa joyda Registondagi singari tabiiy, hech qanday bezak va dekoratsiyalarsiz sahna yaratish qiyin. Festivalda qatnashadigan xorijlik san’atkorlar va mehmonlar ham avvalo Registonni tomosha qilish, bu yerdagi sahnadagi go‘zallikdan bahramand bo‘lish uchun kelishadi. Shu va boshqa jihatlar hisobga olinib, festivalni Registonda o‘tkazishga qaror qilindi. Shovqin va boshqa omillarning tarixiy obidaga zarar yetkazishi masalasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi mas’ullari va mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, ularning xulosalari inobatga olingan holda zarur choralar ko‘rilmoqda.
– Festivalga tayyorgarlik ishlari bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilmoqda, – deydi madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov. – Bu festival qatnashchilari va mehmonlarini kutib olishdan boshlab, ularni mehmonxonalarga joylashtirish, transport xizmati ko‘rsatish, hamrohlik qiladigan ko‘ngillilarni tanlash, tadbirlarda ishtirok etishlarini ta’minlash va kuzatishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar va ishchi guruhlar tashkil etilgan. Ular tasdiqlangan reja asosida o‘z vazifalarini ado etib kelmoqda. Bu ishlar vazirligimiz tomonidan tashkil etilgan shtabda har kuni monitoring qilib borilmoqda. Ishtirokchilar haqida aytadigan bo‘lsa, shu paytgacha 70 dan ortiq davlatdan 300 nafardan ziyod vakil bu yilgi festivalda qatnashish istagini bildirdi. Ishtirokchi davlatlar 80 ga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.
“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi 26 avgust kuni Samarqand shahridagi Registon maydonida o‘tkaziladi. Ayni paytda yurtimizning taniqli rejissyor va san’at ustalari tomonidan ochilish marosimi dasturi tayyorlanmoqda. Repititsiya jarayonlari qizg‘in pallaga kirgan.
27, 28, 29 avgust kunlari xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining ko‘rik-tanlovda chiqishlari namoyishi ko‘zda tutilgan. Ularning dasturlari xalqaro hay’at tomonidan professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qo‘shiq yo‘nalishi hamda zamonaviy musiqa va qo‘shiq yo‘nalishi bo‘yicha baholanadi. 30 avgust kuni festival g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi va ular ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.
An’anaga ko‘ra, festival doirasida 27-28 avgust kunlari ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
– Bu yilgi anjuman “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida tashkil etilmoqda, – deydi Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori vazifasini bajaruvchi Eldor Shermanov. – Unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqa yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Hozirgacha 35 davlatdan 52 nafar ishtirokchi mazkur anjumanda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning soni yana oshishi kutilmoqda. Konferensiya xalqaro turizm markazidagi “Hilton” mehmonxonasida o‘tkaziladi. Anjumanda qatnashish istagini bildirgan musiqashunos olimlar orasida Yevropa davlatlari vakillarigning ko‘pligi bugungi kunda duyonda Sharq xalqlari musiqa va san’atiga qiziqish oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu yilgi konferensiya avvalgilari singari yalpi majlisdan iborat bo‘lib qolmay, uch shu’baga bo‘lingan holda ish olib boradi. Shu’ba majlislari davomida milliy mumtoz navolar, maqom namunalari va xalqimizning durdona asarlari taniqli san’atkorlar tomonidan jonli ijro etilib, mahorat saboqlari o‘tiladi. Bundan tashqari, konferensiya doirasida ilk bor Turkiy davlatlar tashkiloti qoshidagi Turk dunyosi san’at va musiqa universitetlari ittifoqining yig‘ilishini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. 2022 yilda tashkil etilgan mazkur ittifoqqa turkiy davlatlardagi o‘ndan ortiq san’at oliy ta’lim muassasalari a’zo bo‘lib, ushbu o‘quv dargohlarining rektorlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.
Bu yilgi festival doirasida Registon maydoni yaqinidagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Samarqand filiali ko‘rgazmalar zalida milliy cholg‘u asboblari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
[gallery-18715]
Festival ishtirokchilari esa Registon maydonidagi asosiy sahnada tanlovda ishtirok etish bilan birga Samarqand shahri va Samarqand, Payariq, Oqdaryo, Toyloq, Pastdarg‘om tumanlaridagi teatrlar, madaniyat va istrohat bog‘larida konsert dasturlarini namoyish etadi.
Matbuot anjumanida festivalda mamlakatimizdan qatnashadigan ishtirokchilarni saralab olish maqsadida 13-14 avgust kunlari Samarqandda tanlov o‘tkazilgani va tanlov jarayonida eng yaxshi ijrochilar festivalda ishtirok etishga nomzod sifatida tashkiliy qo‘mitaga taqdim etilgani ma’lum qilindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari