Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida “Sharq kitobat san’ati: tarix va bugun“ nomli yangi ekspozitsiyaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi 1997 yil tashkil topgan. Muzey binosi ikki qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda muntazam ravishda o‘zbek va xorijiy rassomlarning shaxsiy, mavzuli ko‘rgazmalari o‘tkaziladi. Ikkinchi qavatda esa muzeyning doimiy ekspozitsiyasi faoliyat olib boradi.
Sharq miniatyura san’ati muzeyi bugun yangi ekspozitsiyasini tomoshabinlar e’tiboriga havola etmoqda. Muzeyning 2-qavatida fondda saqlanayotgan muzey ashyolari va kolleksiyalari asosida yangi tayyorlangan ekspozitsiya ikki bo‘limdan iborat.

“Kitobat san’ati va miniatyura rivoji tarixi” bo‘limida muzey fondida saqlanayotgan XII-XIX asrlarga oid ashyolar, qadimiy qog‘oz namunalari, qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, miniatyura san’ati tadrijiy rivojini ko‘rsatib beruvchi Samarqand, Xuroson, Sheroz, Mashhad, Tabriz, Hirot, Buxoro miniatyura maktablarining eng go‘zal namunalari (ba’zilari faksimil) namoyish etiladi.
Ushbu bo‘limda XII, XIV, XIX asrlarda yaratilgan kitobat tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiluvchi, nafis “shams”, “zarvaraq” va “unvon”lar bilan bezatilgan nodir qo‘lyozmalar, shuningdek, XVII-XVIII asrlarda yaratilgan Makka tasviri ham o‘rin olgan.

“Zamonaviy miniatyura va amaliy san’at” bo‘limida O‘zbekistonda miniatyura san’atining tiklanish davri, ya’ni 1970 yillardan boshlab yaratilgan zamonaviy miniatyura, tasviriy va amaliy san’at asarlari namoyish etilyapti.
O‘zbekiston Xalq ustalari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari, serqirra ijodkorlar Shomahmud Muhammadjonov va Niyozali Xolmatovning an’anaviy miniatyura san’atining tiklanishi va zamonaviy miniatyura rivojlanishida hissalari katta.

O‘rta asr Sharq kitobat san’ati bilimdoni Shomahmud Muhammadjonovning miniatyura va lokli bezak asarlari tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Shuningdek, miniatyura va rangtasvir, lokli miniatyura, emal va zargarlik san’ati yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli ijod qilgan Niyozali Xolmatovning asarlari ham ushbu bo‘limning yorqin eksponatlaridan hisoblanadi.
Muzey tarixida ilk bor eksponatlar audio-yozuvli (o‘zbek, ingliz, rus tillarida) QR-kod tizimiga o‘tkazildi. Tomoshabinlar QR-kod orqali 8 ta tarixiy hamda 4 ta zamonaviy eksponat haqida o‘zbek, ingliz va rus tillarida matnli va audio ma’lumotni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga miniatyura qahramonlarini jonlantirgan multiplikator-rassom Nigora Hayoning (PhD, san’anshunoslik) animatsion loyihasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Turkiyaning An’anaviy hunarmandchilikni himoya qilish va saqlab qolish assotsiatsiyasi (GESKODER) o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
N.Usmonova, O‘zA