Davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xalq farovonligi, ozod va hurligi yo‘lida umrini baxshida etgan, qaltis zamonlardan, to‘fonlardan elni omon olib chiqqan o‘zbekning asl farzandidir.
"INFOLIB OʻZBEKISTON-2023" XII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning “Sharaf yo‘li” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Guliston” jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov, tarjimon, adabiyotshunos Nodirabegim Ibrohimova, “Sahhof” nashriyoti bosh muharriri Akbar Mamasoliyev, yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevlar so‘zga chiqib davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning el uchun amalga oshirgan ezgu ishlari xususida fikrlarini bildirdi.
Ulug‘ shaxs Sharof Rashidov siymosi “Sharaf yo‘li” romanida hayotiy va ta’sirchan misollar yordamida ochib berilgan. Unda qimmatli va kerakli ma’lumotlar keltirilgani bois Sharof Rashidovning samarali faoliyati ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.

Taqdimot tadbirida uning O‘zbekiston hayotida tutgan benihoya ulkan o‘rni va xizmatlari, odamlar og‘irini yengil qilish, zahmatlarni munosib yengib o‘tishdagi jasorati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Abdulaziz Rustamov, O‘zA