Sharja amirligining arxeologik topilmalari ko‘rgazmasi
Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-rezidensiyada Sharja amirligining arxeologik topilmalari ko‘rgazmasi ochildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BAA Sharja amirligi hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton ol Qosimiy so‘zga chiqib, keyingi yillarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida nafaqat savdo-iqtisodiy, shu bilan birga madaniy aloqalar ham rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
– Sharja qadimiy tarixga ega va bu yerdan ko‘plab tarixiy eksponatlar topilgan, – dedi A.Abduhakimov. – Ahamiyatli tomoni shundaki, bu topilmalarning 80 foizi ilk bor O‘zbekistonda namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmadan Arabiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar tarixi hamda Sharja amirligining neolit davridan Islomgacha bo‘lgan davriga oid 170 dan ortiq arxeologik topilma o‘rin olgan.
Shayx Fahim ibn Sulton ol Qosimiy ham O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining tarixi, madaniyati bir-biriga juda yaqin ekanligini qayd etdi.
Sharja arxeologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bunday ko‘rgazma avval Yaponiya, Ispaniya va Belgiyada yuqori darajada tashkil etilgan. 2020-yil Lissabondagi Milliy arxeologiya muzeyida “Sharja arxeologiyasi” ko‘rgazmasi ochilgan va Portugaliya muzeyshunoslik assotsiatsiyasi tomonidan e’tirofga sazovor bo‘lgan.
[gallery-16986]
Ma’lumot uchun: Sharjadagi Mleyxa arxeologik yodgorligida saroy, istehkomlar, uylar va insonlar hamda hayvonlar qabrlari topilgan. Topilmalarning umumiy maydoni 3 kilometrga cho‘zilgan. Mleyxadan uzoq bo‘lmagan hududda esa arxeologlar oltin, kumush, bronza, temir, fil suyagi, alebastr, shisha va boshqalardan yasalgan, bezatilgan buyumlar ham topishgan. Bu buyumlarda qadimgi Misr, Yunon, Rim, Parfiya, O‘rta Osiyo, Hindiston madaniyati izlarini ko‘rish mumkin.
Ko‘rgazma 22-maygacha davom etadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari