Xorazm viloyatining barcha ta’lim muassasalari, ustoz-shogird an’anasini davom ettirayotgan jamoalarda, shuningdek, shahar va tumanlarda katta davralarda sharafli kasb egalariga hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan asosiy bayram tadbiri Xiva shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda ustoz murabbiylarga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.
To‘kin dasturxon atrofida o‘ziga xos ko‘tarinki kayfiyatda nishonlangan tadbir avvalida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib barchani bayram bilan tabriklab, ta’lim-tarbiya tizimida faoliyat yuritayotgan sharafli kasb egalarining jamiyatda tutgan o‘rni haqida, sohadagi islohotlar borasida gapirdi. Tadbir davomida o‘z kasbiga sadoqatli izlanuvchan ustoz-murabbiylarning bir guruhiga viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i va bayram sovg‘alari topshirildi. Dilbar taronalar dillarga xushnudlik baxsh etdi.

Bugungi kunda viloyatdagi barcha ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishga hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ham ishlar olib borilmoqda. Natijada ko‘ngilli tarzda yurtimizga kelib ishlayotgan chet ellik o‘qituvchilar safi ham ortmoqda.


O‘qituvchi murabbiylarning mehnat mahsuli yuksak marralarni zabt etayotgan sportchilarimiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘layotgan o‘quvchilar misolida qolaversa, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan barcha insonlar hayotida aks etadi. Shu boisdan ularga har qancha hurmat va ehtirom ko‘rsatsak arziydi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, +video),
O‘zA