Sharaf va mas’uliyatingiz oshsin domlalar
Prezidentimizning 2019 yil 10 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida Samarqand davlat universiteti zimmasiga ham katta vazifa yuklatildi.
Prezidentimizning 2019 yil 10 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida Samarqand davlat universiteti zimmasiga ham katta vazifa yuklatildi.
Farmonda universitetimizga yuksak ishonch bildirilib, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari bayroqdori bo‘lish va dunyo oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 500 talikdan joy olish vazifasi belgilab qo‘yildi.
Bugun ilmiy-texnika inqilobi shiddat bilan rivojlanmoqda, uning yutuqlaridan samarali foydalanish katta bilim va kuch talab qiladi. Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida ko‘p xayrli ishlar amalga oshirildi. Sohaning huquqiy, ilmiy-metodik va moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda. Qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini ta’minlash esa soha vakillarining aravani baravar tortishiga bog‘liq.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oliy ta’lim tizimi, jumladan, ¬Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari oldiga o‘ta jiddiy vazifalar qo‘yilgan. O‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish, nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga o‘tish va oxir-oqibatda, oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Bu aytishga oson, ammo bajarish shart bo‘lgan vazifa.
Ko‘p yillik kuzatishlarimdan kelib chiqib aytaman: oliy ta’limdagi islohotlarga to‘siqlik qilayotgan omillardan biri ayrim professor-o‘qituvchilardagi loqaydlik, tashabbussizlik, kuzatuvchilik yo‘lini tutayotganidir.
Shu paytgacha sharoit yo‘q, maosh kam degan bahonalarni eshitardik. Endi bu masalalarda muammo qolmadi. Keyingi uch yilda maoshlarimiz bir necha baravar oshdi. Lekin negadir ayrimlarda buning shukronasi sezilmayapti. Axir, faollashishimiz ham shunga yarasha bo‘lishi kerakmasmi?
Boz ustiga, ko‘p bor tanqid qilinayotgan bo‘lishiga qaramasdan, talabalarga baho qo‘yishdagi noxolislik hamon barham topgan emas. Buni ota-onalar ham, iltimoschilar ham tushunib yetishi kerak. Kimningdir yordamidan, qo‘llab-quvvatlashidan umidvor bo‘lgan talaba yolchitib o‘qimaydi.
Farmonda oliy ta’lim muassasalarining akademik mustaqilligini ta’minlash belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjat doirasida alohida Nizom ishlab chiqilar. Boshqacha aytganda, mehnatiga qarab haq ola boshlagandan keyin o‘qituvchilarda ishga munosabat o‘zgarar. Amaldagi qonunlar doirasida moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning tabaqalashgan tizimi ishlab chiqilar. Harqalay, buni yaqin kelajak ko‘rsatadi. Ammo bir narsa – oliy o‘quv yurtlariga beriladigan bu imtiyoz muassasa rahbarining vakolati va javobgarligini oshirishi aniq.
Universitet rahbariyati hamisha kadrlar tanlashda qiynaladi. Shu masalada Kasaba uyushmasi yoki Oqsoqollar kengashi yordam bersa, har bir fakultet, kafedra kesimida kadrlar layoqatini o‘rganib chiqib, tavsiyalar kiritsa qanday bo‘lar ekan?
Professor-o‘qituvchilar orasida xotin-qizlar ham salmoqli o‘ringa ega. Xotin-qizlar qo‘mitasi ularning faolligini oshirish ustida bosh qotirsa ma’qul emasmi?
Ayrim professor-o‘qituvchilarning tamagirligidan hamon qutulib bo‘lmayapti. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlariday, yillar davomida shakllangan bu illatdan birdaniga xalos bo‘lish qiyin kechyapti. Ammo talabalar, ota-onalar ularning orqasidan nimalar deyishini bir ko‘z oldilariga keltirishsa, yomon bo‘lmasdi.
Farmonda muassasa rahbarlariga berilgan mustaqillik bu borada ham keskin choralar ko‘rishga imkon beradi, deb umid qilamiz.
Prezidentimiz O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigida “bugungi kun o‘qituvchisi universal mutaxassis, ham o‘rgatuvchi, ham o‘rganuvchi bo‘lishi, ya’ni o‘z ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanib yashashi kerak”, deb ta’kidladi. Nazarimda, aynan mana shu joyda ham biz oqsayapmiz. Universitet ta’limi xususiyatlaridan kelib chiqib, talabalarga har bir fan yo‘nalishida fundamental bilim berishga harakat qilishimiz kerak. Bu esa, bizdan nafaqat muayyan fanning nazariy asoslarini puxta bilish, ayni paytda, shu sohadagi yangiliklardan ham muttasil xabardor bo‘lib borishni taqozo etadi. Zamon yoshlari kimning orqasidan ergashishni yaxshi bilishadi, deb o‘ylayman.
Suyun KARIMOV,
Samarqand davlat universiteti professori.