Shanxayda xalqaro ko‘rgazma ish boshlaydi
“China International Import Expo” VI ko‘rgazmasi noyabr oyida Shanxay milliy ko‘rgazmalar va konfrensiya markazida ish boshlaydi. Tadbir xalqaro maqomga ega bo‘lib, jahon iqtisodiyoti uchun omad va taraqqiyot ramzi sifatida baholanmoqda.
Ko‘rgazmada 60 dan ziyod mamlakatdan tashkilot, kompaniyalar, shuningdek BMT, Xalqaro savdo markazi, Jahon savdo tashkiloti, “Fortune Global-500” ro‘yxatidan joy olgan kamida 20 ta kompaniya, 500 dan ziyod kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari vakillari jam bo‘ladi.
Mazkur nufuzli anjumanda, taxminan, 200 tacha firma olti yildan buyon uzluksiz ishtirok etib kelmoqda, yana 400 kompaniya ikki yillik tanaffusdan keyin yana ko‘rgazmaga qaytmoqda. Namoyishga qo‘yiladigan mahsulotlar Xitoyning ushbu megapolisiga dunyoning turli burchaklaridan dengiz, havo va quruqlik orqali yetkaziladi.
2018 yil bo‘lib o‘tgan birinchi ko‘rgazma jahon savdosida o‘ziga xos voqea bo‘lgandi. Nisbatan qisqa davr mobaynida, ya’ni avvalgi besh ko‘rgazmada 130 mamlakat va xalqaro tashkilot vakillari minglab yangi tovarlari, xizmat va texnologiyalarini namoyish qilgan. Natijada 350 milliard dollarlik umumiy mablag‘ aylanmasi ta’minlangan.