Munosabat
Jaholatga qarshi ma’rifatni qurol qilgan ajdodlarimizning davomchilari hisoblanamiz. Qanchadan-qancha buyuk bobolarimiz olamni tanazzuldan ilm qutqarishini, yuksak marralarga faqat o‘rganish va intilish bilan yetish mumkinligini asoslab ketishgan. Eng muhimi, ular bu yo‘lda dunyo ahli uchun shaxsiy namuna ko‘rsatgan.
Dunyo taraqqiyoti yildan-yilga tezlashmoqda. Bu jadallik yoshlar taqdiri va ularning bilim olishi masalasini xalqaro siyosatning dolzarb mavzulari qatoriga kiritdi. Zamonning o‘zi ilm-fan, innovatsiya va madaniyatsiz taraqqiyot haqida gapirish mumkin emasligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tyanszin shahrida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi va “SHHT plyus” sammitida yoshlar kelajagi bilan bog‘liq qator ilg‘or tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, SHHT mamlakatlari sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari, robototexnika, biomuhandislik, muqobil energetika kabi sohalarda ulkan imkoniyatlarga ega. Bu yo‘nalishlar kelajakda davlatlar taqdirini belgilaydigan asosiy omillardan biriga aylanadi.
– Prezidentimiz o‘z nutqlarida yoshlar kelajagiga daxldor qator tashabbuslarni ilgari surdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Yoshlarimiz uchun SHHT makonida ochilayotgan imkoniyatlar global maydonda ham o‘z salohiyatini namoyon qilish imkonini beradi. “SHHT universiteti” sheriklik tarmog‘ining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov hamda olimpiadalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz taklif etgan SHHT innovatsion-texnologik xablar tarmog‘i esa aynan yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Bu xablar yangi g‘oyalar maydoni, texnologiyalar transferi markazi, innovatsiya jarayonining muhim bo‘g‘iniga aylanishi mumkin.
Texnologiya qanchalik muhim bo‘lmasin, ma’naviyatsiz taraqqiyot bo‘lmaydi. Shu bois, Prezidentimiz SHHT oilasi xalqlarini yaqinlashtirish maqsadida “Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqoti”ni ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi.
Bu xalqlarning qalbiga yo‘l topish, yosh avlodga “madaniyat orqali birlashish” g‘oyasini singdirish demakdir. Chunki madaniy muloqot tarixiy merosni anglash, bir-birini hurmat qilish va tinch-totuv yashashning asosiy omilidir.
Bildirilgan bu tashabbuslar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga hamohangligi bilan ham ahamiyatli.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi