SHHTning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammiti, geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatning hozirgi holatini hisobga olgan holda, alohida ahamiyatga ega bo‘lib, tashkilot rahbarlari uchun global kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun samarali platforma yaratishi kutilmoqda. Sammitda muhokama qilinadigan eng muhim masalalardan biri – iqtisodiy hamkorlikning yangi jabhalarini belgilab olishdir.
bugungi kunda jahon iqtisodiyotining yangi sharoitida O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning iqtisodiy hamkorlik salohiyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
2021 yil yakunlariga ko‘ra, SHHTga a’zo davlatlar tashqi savdosining o‘sishi 33 foizga ko‘payib, 8 trillion dollardan oshdi. A’zo davlatlar o‘rtasidagi ichki savdo aylanmasi qariyb 40 foizga o‘sib, 768 milliard dollarni tashkil etdi (MOXI ma’lumotlari). Bu ko‘rsatkichlar, ayniqsa, YAIM 50-100 milliard dollargacha bo‘lgan a’zo mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochilishi mumkinligini anglatadi.
Mamlakatimiz investitsiya imkoniyatlarini oshirish SHHT a’zolari o‘rtasida kapital almashinuvini yangi bosqichga ko‘tarish, ushbu masala bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, ikki tomonlama manfaatlarni ro‘yobga chiqarish va iqtisodiy islohotlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning "iqtisodiy" tashabbuslari qatorida SHHT ishbilarmonlar kengashi doirasida o‘zaro sarmoyalarni ilgari surish bo‘yicha global moliyaviy-iqtisodiy tahlikalarni yumshatishga qaratilgan qo‘shma harakat rejasini ishlab chiqishi turmush darajasi keskin pasayib ketishining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiy yuksalishga erishish hisobidan aholi turmush farovonligini oshirish chora-tadbirlarini qamrab oladi.
Sammitda SHHTning mintaqalararo savdoni rivojlantirish dasturi imzolanishi rejalashtirilgan. Bunda har bir a’zo mamlakatning ichki imkoniyatlari va tashqi hamkorlik omillari nafaqat o‘zaro savdo-sotiqni, shu bilan birga, milliy ishlab chiqarish yo‘nalishlarining transformatsiya qilinishiga erishish mumkin bo‘ladi. Natijada o‘zaro savdo-sotiqning tovarlar va xizmatlar nomenklaturasi kengayishi, tarkibining yanada yangilanishi va pirovardida tashkilot barcha a’zolarining iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar farovonligini rivojlantirish uchun O‘zbekiston tomonidan sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha taklif etilgan dasturning qabul qilinishi iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishida o‘zgarishlarni ta’minlab, ishga solinmagan ishlab chiqarish salohiyatini yuzaga chiqarish, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini yaratish, yangi ish o‘rinlarini barpo etish, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda uchinchi mamlakatlarga qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar eksporti tarkibini kengaytirish imkonini beradi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, SHHTga a’zo davlatlarning asrlar davomida "Buyuk ipak yo‘li" bilan birlashgan, Sharqdan G‘arbga va G‘arbdan Sharqqa tovarlar va xizmatlar ayirboshlanuvini ta’minlovchi transport arteriyasini shakllantirish va ishga tushirish o‘zaro bog‘liqlikdagi ulkan salohiyat mavjudligini real voqelikka aylantiradi. Bu yo‘nalishda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l aloqasi loyihasini amalga oshirish juda istiqbolli hisoblanadi.
Shu bilan birga, zamonaviy sharoitda O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligi tashabbusini, shu jumladan, Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘lini qurishni faol ravishda ilgari surmoqda. Bu nafaqat SHHTga a’zo davlatlarning logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, balki Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan qayta qurish va Shimoli-Janubiy yo‘nalishdagi savdo-iqtisodiy aloqalarni ham kengaytirishga xizmat qiladi.
SHHTga a’zo davlatlarning o‘zaro manfaatli aloqalarini rivojlantirish va samarali transport logistikasini yaratish uchun konseptual loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu SHHTga a’zo davlatlarning transport va tranzit salohiyati oshishiga imkon yaratadi, savdoda yangi bozorlarni qamrab olish geografiyasini kengaytirish, yangi bozorlar uchun ishlash ta’sirida ishlab chiqarish turlarining rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Natijada texnik-texnologik hamkorlik kuchayib, iqtisodiy aloqalarning yangi va kengaytirilgan zamonaviy turlari qaror topadi.
Xulosa qilib aytganda, SHHT a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan bir qator konseptual hujjatlarning ahamiyati va sonini hisobga olgan holda, sammit natijalari SHHT faoliyatida yangi davrni boshlab beradi.
Rustam HASANOV,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
O‘zA