Shahriyor Mahkamov — Osiyo o‘yinlari g‘olibi!
Yaponiyada davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 8 ta oltin, 17 ta kumush va 9 ta bronza medalga ega bo‘lib, jami medallar sonini 34 taga yetkazdi. Shu tariqa mamlakatimiz umumjamoa hisobida 4-pog‘onaga ko‘tarildi.
Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilayotgan qit’amizning nufuzli sport musobaqasida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha vakillarimiz uchta medalga sazovor bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, erkaklar o‘rtasidagi K1 dasturining 500 metr masofaga o‘tkazilgan bahsida Shahriyor Mahkamov eng yaxshi natijani qayd etib, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi. Ayollar o‘rtasidagi shu masofa bahsida esa Arina Tanatmisheva marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va kumush medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha S2x dasturining 500 metr masofaga o‘tkazilgan bahsda Vladlen Denisov va Nilufar Zokirovadan iborat juftlik marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va delegatsiyamiz hisobiga yana bir kumush medalni qo‘shdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA