Shahrisabz aeroporti faoliyati tiklandi
“Silk Avia” aviakompaniyasining Toshkentdan uchgan reysi Shahrisabz aeroportiga qo‘ndi. Shaharning havo bandargohi 2003 yilning noyabr oyida yopilgan bo‘lib, qariyb 21 yil o‘tgach ilk samolyotini qarshi oldi. Toshkentdan Shahrisabzgacha bo‘lgan masofa L-410 rusumli samolyotda 1 soatu 30 daqiqani oldi.
Uzunligi 1554 va kengligi 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, havo kemalari uchun ikkita to‘xtash joyi va to‘rtta vertolyot maydonlaridan iborat bo‘lgan aerodrom ATR-42, ATR-72, L-410 rusumli samolyotlar hamda barcha turdagi vertolyotlarni qabul qilish imkonini beradi. Aerovokzal majmuasining o‘tkazish qobiliyati soatiga 100 nafar kishini tashkil etadi.

Ma’lumot uchun: Shahrisabzdan 5 kilometr janubi-g‘arbda qurilgan mazkur aeroport 1983 yilda ochilgan edi. 1983-1996-yillarda Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yoz oylarida haftada 4 marta va kuz-qish mavsumida haftada uch marta amalga oshirilgan. Samolyotlar haftada ikki bor Urganch-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan.
1993–1995 yillarda Toshkent-Qarshi-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha reyslar bajarilgan. Qatnovlar An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumdagi samolyotlarda amalga oshirilgan.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA