Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi” DMning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhdagi yig‘ilish Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi faoliyati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan rejali tekshiruvda aniqlangan kamchiliklar va qonunbuzilish holatlari bo‘yicha kiritilgan taqdimnoma muhokamasiga bag‘ishlandi.

Yig‘ilish avvalida tekshirishlar davomida loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, xodimlarning ijro imtizomi, murojaatlar bilan ishlash tartibi, muassasaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati, sohani raqamlashtirish holatiga oid aniqlangan kamchiliklar o‘qib eshittirildi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinganidek, 2022-2024 yillarning o‘tgan davrida muassasaga jami 106,3 mingta loyiha-smeta hujjatlar ekspertiza xulosasi olish uchun kelib tushgan bo‘lib, shundan 73,6 mingtasiga ekspertiza xulosalari berilgan.

Tekshiruvlar davomida loyihaларни ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 579-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Xususan, buyurtmachilar tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi “Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish” platformasi orqali yuborilgan loyiha hujjatlarining loyiha topshiriqlari 22 ta holatda to‘liq rasmiylashtirilmasdan taqdim etilgan. 20 ta holatda tizim orqali yuborilgan loyihalarga ilova qilinadigan hujjatlar o‘rnatilgan tartibga muvofiq o‘z o‘rniga yuklanmagan.

Nizomga asosan ekspertlar tomonidan loyihalarni o‘rganish muddati 30 kun qilib belgilangan bo‘lsada, muassasaning markaziy apparati tomonidan 2022 yilda 25 ta hamda 2023 yilda 20 ta xulosani buyurtmachiga taqdim etish jarayonlariga 30 kundan ortiq vaqt sarflangan.
Ko‘p qavatli turar-joy binolari qurish bo‘yicha taqdim etilgan Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosalarida qavatlar soni ko‘rsatilmagan, bolalar o‘yingohlari, avtomobillar saqlash joylari va yashil maydonlar bo‘yicha talablar bajarilmagan bo‘lsada, muassasa tomonidan 22 ta ob’ektga ijobiy ekspertiza xulosalari taqdim etilgan.

O‘rganilayotgan davrda muassasaga 523 nafar jismoniy va yuridik shaxsning qabuli tashkil etilgan, shundan 509 nafar jismoniy va yuridik shaxsning murojaatlari qanoatlantirilgan.
Tadbir davomida “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi” DM direktori tomonidan mehnat faoliyati davomida qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutaxassislarga qat’iy choralar ko‘rilgani ta’kidlandi. Xususan, Bosh prokuratura tomonidan o‘z vakolat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashgan muassasa ekspert mutaxassislarining 6 nafari intizomiy javobgarlikka, markazning xarid komissiyasi raisi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, yig‘ilish davomida xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani hamda o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani sababli 1 nafardan rahbar, ekspert va mutaxassisni egallab turgan lavozimidan ozod etish, 2 nafarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish, 5 nafariga intizomiy jazo qo‘llash hamda 5 nafariga ogohlantirish berish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, sohada aniqlangan tizimli kamchiliklar va muammolar ham tilga olindi. Jumladan, ekspertiza ko‘rigiga taqdim etilayotgan loyiha-smeta hujjatlarning ayrim loyihaoldi hujjatlari to‘liq raqamlashmagani hamda “Shaffof qurilish” MATdagi new.ekspertiza.mc.uz elektron platformasiga integratsiya qilinmagani natijasida platformaga yuklanayotgan hujjatlarning haqqoniyligini o‘rganish imkoniyati cheklangan. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadigan loyiha topshirig‘i raqamlashtirilmagani sababli ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlash jarayonlarida loyiha hujjatlariga qayta-qayta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish holatlari ko‘payib bormoqda.
Sohada mavjud tizimli nuqsonlar ochiqlangach, tizimning samarali faoliyatiga oid taklif va mulohazalar tinglandi. Yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni tuzatish, faoliyatda manfaatlar to‘qnashuviga uzil-kesil chek qo‘yish yuzasidan ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA