Shaharnikidan kam bo‘lmagan uylar
Qishloqlarimiz qiyofasining yangilanib borayotgani, zamonaviy uylar, yangi yo‘llar, suv, gaz va elektr tarmoqlari barpo etilayotgani, umuman, infratuzilmaning rivojlanishi odamlarimiz ongu dunyoqarashini o‘zgartirmoqda, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, qishloq ahli uchun shaharnikidan qolishmaydigan shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.Qishloqlarimiz qiyofasining yangilanib borayotgani, zamonaviy uylar, yangi yo‘llar, suv, gaz va elektr tarmoqlari barpo etilayotgani, umuman, infratuzilmaning rivojlanishi odamlarimiz ongu dunyoqarashini o‘zgartirmoqda, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
Mamlakatimizning barcha hududlarida namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar xalqimizning milliy hayot tarzi, tabiiy iqlim sharoiti, shu bilan birga, zamonaviy muhandislik kommunikatsiyalari bilan uyg‘un, bahavo, yorug‘, keng holda barpo etilayotgani aholiga manzur bo‘layotir. Zero, oilaviy sharoit va milliy turmush tarzimizga xos barcha jihat e’tiborga olingan ko‘rkam uy va keng hovli yashash uchun har jihatdan qulaydir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda qishloqlarni kompleks rivojlantirish, namunaviy loyihadagi zamonaviy uy-joylar bunyod etish bo‘yicha yaxlit tizim shakllandi. Mazkur uylarni moliyalashtirish, massivlar uchun yer tanlash, aholi punktlarining bosh loyihalarini tuzish, qurilish materiallari bilan ta’minlash va boshqa tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yaratildi. Masalaga bunday kompleks yondashuv aholiga keng qulayliklar yaratish barobarida hududlarni har tomonlama rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu boradagi ishlarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish va samaradorligini oshirishda mamlakatimiz moliya muassasalarining alohida o‘rni bor. Xususan, «Qishloq qurilish bank» ochiq aksiyadorlik-tijorat banki bosh reja asosida qishloqlar qiyofasi va aholisining uy-joy sharoiti sifatini yaxshilash, qishloq joylarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, uy-joy qurilishiga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish yo‘nalishida samarali faoliyat olib bormoqda.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha yaratilgan bu tizim qulayliklaridan yurtdoshlarimiz mamnun. Yangi uy-joyli bo‘lishni istagan qishloq aholisi, ayniqsa, yosh oilalar uy qurilishida o‘z mablag‘i bilan ishtirok etmoqda. Qurilish sarf-xarajatlarining aksariyat qismi bank tomonidan berilayotgan uzoq muddatli imtiyozli kredit hisobidan qoplanmoqda. Eng muhimi, bu uylar uchun to‘lovlarni birdaniga emas, balki 15-yil davomida to‘lab borish tartibi yurtdoshlarimiz uchun katta yengillikdir.
Ushbu kreditdan foydalangani uchun jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlarining ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltirilgan qismi soliqqa tortilmaydi.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi har bir imorat soluvchiga 6 sotixdan ajratilib, umrbod egalik qilish huquqi bilan beriladi. Ular ipoteka kreditlari to‘liq qoplangunga qadar mulk solig‘i to‘lashdan ham ozod qilingan bo‘lib, ajratilgan ipoteka kreditlarini qaytarish bo‘yicha uch yillik imtiyozga egadir.
Yangi qishloqlarni barpo etishda aholi uchun barcha zarur sharoitni yaratish, odamlar hayotini yanada farovon qilish asosiy mezon etib belgilangan. Shu bois, ularni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari – elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik, kanalizatsiya bilan ta’minlashga, yo‘llar qurilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Namunaviy loyihalar asosida maishiy, savdo, umumiy ovqatlanish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan mahalla guzarlari barpo etilayotir.
Yaqinda Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi qishloqlardan birida nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Yashnar va Zulayho ezgu orzular bilan oila qurdi.
– Namunaviy loyiha asosida qurilgan uyimizga ko‘chib o‘tganimizga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, – deydi Zulayho Xoliqova. – Xonadonimiz gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Yangi massivimizda maktab, bolalar bog‘chasi, tibbiyot punkti, mini-marketlar barpo etilgani oilalarga, ayniqsa, uy bekalariga qulaylik tug‘dirmoqda. O‘zim yangi qurilgan 40-umumta’lim maktabida dars beraman. Turmush o‘rtog‘im tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Prezidentimiz rahnamoligida qishloq aholisiga hech kimdan kam bo‘lmagan turmush sharoiti yaratib berishdek olijanob maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida turmushimiz yil sayin farovon bo‘lib bormoqda.
Bugungi kunda bunday so‘zlarni yangi qishloq massivlarida yayrab yashayotgan har bir yurtdoshimizdan eshitish, obodlik va farovonlikni har bir xonadon misolida ko‘rish mumkin.