Shaharlar obodligiga faqat bitta tashkilot masʼulmi?
Erta tongdan ishga, oʻqishga yoʻl olganimizda shahrimiz koʻchalarida allaqachon oʻz vazifasini bajarishni boshlab yuborgan, daraxt xazonlarini yigʻayotgan, yoʻllarni supurib, xiyobonlar va u yerdagi favvoralar, haykallaru monumentlarni tozalayotgan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga koʻzimiz tushadi.
Erta tongdan ishga, oʻqishga yoʻl olganimizda shahrimiz koʻchalarida allaqachon oʻz vazifasini bajarishni boshlab yuborgan, daraxt xazonlarini yigʻayotgan, yoʻllarni supurib, xiyobonlar va u yerdagi favvoralar, haykallaru monumentlarni tozalayotgan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga koʻzimiz tushadi. Bu manzaraga koʻnikib qolganimiz uchunmi, koʻp ham eʼtibor qaratmaymiz.
Aslida esa qishning izgʻirin kunlariyu yozning jaziramasiga qaramay, saharlab hudud ozodaligini taʼminlayotgan insonlarning mashaqqatli mehnati tufayli shaharlarimiz kundan-kunga chiroy ochib borayotgani ham bor gap. Afsuski, ayrim insonlar bunday kishilarning mehnatini qadrlamay, ularning koʻz oʻngida atrofni ifloslantirishdan tap tortmaydi. Baʼzan esa ularga xizmatkordek munosabatda boʻlguvchilarni ham koʻrish mumkin.
Ochigʻini aytish kerak, aslida bu insonlarning oylik maoshini mehnatiga yarasha deb ham boʻlmaydi. Sovuqni-sovuq, issiqni-issiq demay mehnat qiladigan xodimlarning topgani zoʻrgʻa roʻzgʻor tebratishga yetadi, xolos. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-iyundagi “Aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan endilikda soha xodimlarining ijtimoiy, iqtisodiy tomondan yanada yaxshiroq taʼminlanishiga eʼtibor kuchaytiriladi.
Jumladan, hujjatga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti, ixtisoslashtirilgan boshqarma xodimlariga 30 foiz, respublikamiz boʻylab barcha obodonlashtirish boshqarmalari xodimlariga 15 foiz ustama haqlari belgilandi.
Shuningdek, obodonlashtirish boʻlinmalari xodimlariga ovqatlanish uchun qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida kompensatsiya toʻlanadigan boʻldi. Bu nafaqat soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib baholash, balki aholi oʻrtasida ularga boʻlgan hurmat-eʼtiborni oshirishi bilan ham ahamiyatlidir.
Shaharlar ekologik toza hududga aylanadi
Prezidentimizning yuqoridagi qarorida turli yangi innovatsion gʻoyalar, loyiha va modellar orqali yurtimizni yanada obodonlashtirish koʻzda tutilgan. Xususan, hujjatga asosan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab “Odamlar uchun shahar”, “Shahar-bogʻ”, “Yashil shahar” namunaviy loyihalari orqali hududlarni yashash uchun yanada qulay va zamonaviy maskanga aylantirish ishlari boshlanadi.
– Jumladan, “Odamlar uchun shahar” modeli asosida shahar hududida aholining, ayniqsa, keksa, nogironligi bor shaxslarning erkin harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratiladi, – deydi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Shohruh Rajabov. – Maʼlumki, ayrim viloyat markazlari hamda poytaxtimizning baʼzi ichki yoʻllarida piyodalar yoʻlakchasi yoki velosiped yoʻlkasi mavjud emas yoki borlari ham taʼmirga muhtoj. Ayni jihatdan kelib chiqib, piyodalar yoʻlakchalarini qurish va aholining velosipedlarda harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish ham eʼtibordan chetda qolmaydi.
“Yashil shahar” modelini loyihalashtirishda esa mintaqa iqlimi va tabiiy sharoitlaridan kelib chiqib, kompleks landshaft dizayni, tavsiya etilgan yashil butalarni hisobga olgan holda hududlarni koʻkalamzorlashtirishga urgʻu beriladi. “Shahar-bogʻ” loyihasi asosida yurtimizdagi shahar va tuman markazlarida istirohat bogʻlari, xiyobonlar va bulvarlar sonini koʻpaytirish, bunday manzillarda odamlar uchun maydonchalar, yoritish elementlari va kichik arxitektura shakllarini joylashtirish rejalashtirilgan.
Ushbu modellarning hayotga tatbiq etilishi shaharlarimizda koʻcha-yoʻl hududi, istirohat bogʻlari, xiyobonlarni yanada zamonaviylashtirib, ular sonini oshiradi. Odamlar uchun qulay hududlar yaratish, yoʻlovchilar va velosipedlar harakatlanishini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar hozirlanadi. Ushbu loyihalar shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshish bilan birga, ularning dunyodagi ekologik sof, eng toza mamlakatlar qatoridan joy olishiga zamin yaratadi.
“Obod hudud” axborot tizimi jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi
Sir emas, har birimiz agar koʻcha-koʻyda ikki insonning tortishib qolganiga guvoh boʻlsak, ichki ishlar organlariga murojaat qilamiz, bir insonning tobi qochib qolganini koʻrsak, “Tez yordam” chaqiramiz. Ammo shahrimiz obodligiga putur yetkazayotgan odamni koʻrsak-chi, unda qayerga murojaat qilamiz? Afsuski, bu borada koʻpchilikda yetarlicha maʼlumot yoʻq. Shu bois obodonlashtirish boshqarmalarida murojaatlarni qabul qilish tizimi yanada takomillashtirilmoqda.
Fuqarolar tomonidan sohadagi mavjud muammolar boʻyicha murojaatlar yuborish, ular bilan qayta aloqani yoʻlga qoʻyish, aholi bilan hamkorlikda obodonlashtirish ishlarini rejalashtirish va fuqarolar bilan axborot almashish orqali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida “Obod hudud” axborot tizimi ishga tushirilmoqda.
Mazkur tizim bajarilgan ish natijalarini “avval” va “keyin” formatida taqqoslash imkoniyatini beradi. Obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va sanitariya holatidan kelib chiqib, hududlar reytingini tashkil etish orqali faol tashkilot va xodimlarni ragʻbatlantirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Yana bir jihat: joriy yildan boshlab yangi qurilgan obyektlarni, rekonstruksiya qilingan va kapital taʼmirlangan bino yoki inshootlarni tutash hududlari obodonlashtirilmasdan foydalanishga topshirish taqiqlanadi. Bu ayrim hollarda kuzatilayotgan – quruvchilarning inshootni tugatib, qurilish chiqindilarini shu yerning oʻziga tashlab ketishining oldini oladi.
“Ish quroling soz boʻlsa, mashaqqating oz boʻlur”
Ushbu naql bejiz aytilmagan. Oʻz navbatida, obodonlashtirish boshqarmalarining ish sifati ham undagi texnika-texnologiyalarga bogʻliq.
– Toshkent shahar bosh boshqarmasiga qarashli tuman obodonlashtirish boshqarmalarida jami 22 ta samosval, 2 avtominora, 12 suv quygich, 330 dan ortiq traktor va boshqa texnikalar mavjud, – deydi Sh.Rajabov. – Ammo ularning ayrimlari sotib olinganiga koʻp vaqt boʻlgani bois kunda-kunora buzilib qoladi. Prezidentimizning yuqoridagi qarorida ayni shu masalaga – obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, qarorga muvofiq, 2020-2024-yillar davrida tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnika va mexanizmlar bilan jihozlash ish rejasi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, shu davrda obodonlashtirish boshqarmalariga 1 ming 400 dan ortiq texnikalar olib kelinishi belgilangan.
Bir soʻz bilan aytganda, obodonlashtirish sohasi ham mamlakatimizdagi taraqqiy etib borayotgan va faoliyatiga innovatsion loyihalar, kompyuter texnologiyalari keng jalb etilayotgan yoʻnalishlardan biridir. Zero, yurtimiz qanchalik obod va shaharlarimiz goʻzal boʻlsa, xalqimizning hayoti ham farovonlashib, davlat va jamiyatimiz rivojlanib boraveradi.
Sanjar ESHMURODOV
Manba: “Mahalla” gazetasi.