Shaffoflik va ishonchlilik tamoyillari asosida
Har qanday rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlatlarni barqarorlik bilan taraqqiy etishida korrupsiya illati jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu boisdan ham butun dunyoda global muammoga aylanib ulgurgan mazkur illatga qarshi jahon mamlakatlari ko‘plab usullar bilan kurash olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ”Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bojxona sohasini ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilik tamoyillari asosida korrupsiyadan holi tizimga aylantirish borasida qabul qilingan muhim hujjat hisoblanadi.
Farmon bilan 40 banddan iborat bojxona organlarini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish dasturi qabul qilib, sohada korrupsiyaning oldini olish, aniqlash va unga chek qo‘yish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.

Ana shunday tadbirlar doirasida Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Ark buloq» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida «Korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz mas’ulmiz!» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Islom sivilizatsiyasi” markazi mas’ul xodimi o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etib, ishtirokchilarga korrupsiyaning oqibatlari, uni keltirib chiqaradigan omillar va bartaraf etish bo‘yicha islom nuqtai nazaridan tushunchalar berib o‘tdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda har bir xodim o‘zgarishni jamiyatdan emas, balki, o‘zidan boshlab, bu illatga qarshi kurashda o‘z hissasini qo‘shishi muhim ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Davra suhbatida boshqarmaning Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent shahar bojxona boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
O‘zaro savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan davra suhbatida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, korrupsiya murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, unga qarshi kurashish uchun alohida choralarni qo‘llash samarali hisoblanmaydi, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyatning o‘zaro jipsligi talab etiladi.
Zero, unga qarshi kurashishda esa, avvalo, aholining huquqiy ongini oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim hisoblanadi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati