Shaffof faoliyatga chaqiriq davom etmoqda
Toshkent viloyatida umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarida soliq qonunchiligi talablariga rioya etilishini ta’minlash, hisob-kitoblarning shaffofligini oshirish hamda norasmiy bandlikka barham berishga qaratilgan nazorat va profilaktika tadbirlari davom ettirilmoqda.
Viloyat soliq organlari tomonidan joriy yilning iyun oyida umumiy ovqatlanish korxonalarida 74 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Ularda nazorat-kassa texnikalaridan to‘liq foydalanish, xaridorlarga fiskal chek berish, naqd pul tushumlarini bank kassalariga to‘liq topshirish hamda mehnat munosabatlarini qonunchilik talablari asosida rasmiylashtirish holatlari o‘rganildi.
Tekshiruvlar natijasida nazorat-kassa texnikasi orqali chek berilmagan holatlar bo‘yicha 3,7 million so‘mlik, naqd pul tushumi yashirilgani bo‘yicha esa 28,4 million so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi. Shuningdek, 20 ta holatda 24 nafar xodim mehnat shartnomasini rasmiylashtirilmasdan ishlayotgani ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Qibray tumanida faoliyat yuritayotgan “JALOL KABOBCHI” mas’uliyati cheklangan jamiyatda o‘tkazilgan sayyor tekshiruvda ham qator kamchiliklar aniqlandi. Unga ko‘ra, nazorat-kassa texnikasi orqali chek berilmagani, naqd pul tushumi to‘liq hisobga olinmagani hamda uch nafar xodimning norasmiy mehnat qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar bilan soliq intizomiga qat’iy rioya qilish, hisob-kitoblarni to‘liq rasmiylashtirish va shaffof faoliyat yuritish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, viloyatdagi 1 ming 169 ta umumiy ovqatlanish joylari mas’ullariga Prezidentimizning tegishli farmonida belgilangan soliq imtiyozlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini respublika byudjeti hisobidan qaytarish mexanizmi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini naqd pulga xarid qilishda elektron kirim hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Olib borilgan targ‘ibot va profilaktika ishlari samarasida 2026-yil 1-iyul holatiga 161 ta umumiy ovqatlanish korxonasi soliq hisobotlariga aniqlik kiritib, jami 264,2 million so‘mlik hisobotlarni qayta taqdim etdi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlarida soliq hisobotlarining ishonchliligini ta’minlash va sohada qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
A. Musayev, O‘zA.