Ma’lumki, oxirgi yillarda dunyoda talafotli zilzilalar soni ortib bormoqda. Bu aholi hayoti va mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bois seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini doimiy takomillashtirib borish doirasida mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik ko‘rishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va ularga tayyorgarlik ko‘rishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida Prezidentimizning 2024 yil 17 apreldagi “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatda Kadastr agentligiga qator vazifalar belgilab berilgan. Xo‘sh, bu boradagi ishlar qanday tashkil etilmoqda?
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq gorizontal harakatlarning tezligini va yer qobig‘ining alohida tektonik bloklari harakat yo‘nalishini aniqlash uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi bazasida GNSS stansiyalar tarmog‘ini yaratish maqsadida sohadagi yetuk mutaxassis va olimlardan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Ishchi guruhga Kadastr agentligining soha bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislari jalb qilinib, GNSS stansiyalar yordamida yer qobig‘ining gorizontal harakatlarini seysmik jihatdan monitoring qilish bo‘yicha jahon tajribasi o‘rganildi.
Bugungi kunda bir qancha rivojlangan davlatlarda Yer qobig‘idagi harakatlar, deformasiyalar, seysmik jarayonlarni o‘rganish va baholash sun’iy yo‘ldosh yordamida olib borilgan o‘lchovlar yordamida amalga oshirib kelinmoqda. Unga asosan, yillar davomida olib borilgan GNSS o‘lchov ishlari natijalari solishtirgan holda tahlil qilinadi va natijada tadqiqot o‘tkazilayotgan hududni geodinamik jihatdan tavsiflash imkoniyati yaratiladi.
Jahonda zilzilalarni prognoz qilish masalasi bo‘yicha geologik jarayonlarni baholash, geologik muhitning kuchlanganlik-deformasion holatini aniqlash, yer qobig‘ining zamonaviy harakatlari modellarini ishlab chiqish bo‘yicha qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiya kabi davlatlarda yer qobig‘ining deformasion holatini modellashtirishda xalqaro kosmogeodezik o‘lchov tizimidagi nuqtalardan uzluksiz olinayotgan harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘llashga alohida ahamiyat berilmoqda. Bunday ilmiy yondashuv GNSS ma’lumotlarini zamonaviy GAT texnologiyalari asosida qayta ishlash, tahlil qilish va zilzilalarni prognozlash uslubiyatini takomillashtirishga xizmat qiladi.
– Zamonaviy sun’iy yo‘ldosh navigasiya tizimlari yordamidagi o‘lchovlar fazodagi sun’iy yo‘ldoshlar hamda yerdagi signallarni qabul qiluvchi stansiyalar o‘rtasidagi masofani aniqlash prinsipi orqali amalga oshiriladi, – deydi Yerni masofadan turib zondlash, geodeziya va kartografiya bo‘limi boshlig‘i Ixtiyor Ergashev. – Yerga mustahkam o‘rnatilgan doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi sun’iy yo‘ldosh GNSS stansiyalari yordamida olib borilgan yuqori aniqlikdagi uzluksiz o‘lchovlar seysmik xavfni monitoring qilish hamda gorizontal harakatlarning tezligini va yer qobig‘ining alohida tektonik bloklari harakat yo‘nalishini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tayanch stansiyalarining rivojlanishi va ular sonining ortishi hududiy geodinamik poligonlar faoliyatining yaxshilanishiga olib keldi. Jumladan Kamchatka, Quril va Shimoliy Kavkaz geodinamik poligonlarida o‘rnatilgan GNSS stansiyalari tarmog‘i yordamida hududlarning tektonik va geologik tarkibi, shuningdek plitalarning harakatlari o‘rganilmoqda.
Kuzatuv natijalari GAMIT/GLOBK kabi dasturiy ta’minotlar yordamida qayta ishlanib tahlil qilingan. Federal tadqiqot markazi mutaxassislari tomonidan ham bir nechta dasturiy ta’minot paketlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular orqali kuchli zilzilalar vaqtida GNSS stansiyalarining koseysmik siljish harakatlarini real vaqtda baholash imkoniyati yaratilgan.
Rossiya Federasiyasining shimoliy-g‘arbiy hududlaridagi plitalardagi geodinamik jarayonlar 2006-2018 yillarda olib borilgan GNSS (GPS/GLONASS) kuzatuvlari natijalari asosida tahlil qilingan.
Yer qobig‘ining zamonaviy harakatlari va deformasiyalarini o‘rganishda xalqaro geodinamik tarmoqqa bog‘langan 20 ta doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi stansiyalardan olingan takroriy sun’iy yo‘ldosh o‘lchovlari ma’lumotlaridan foydalanilgan. Yillar davomida olib borilgan kuzatuvlar ushbu hududlarda yer qobig‘i yiliga 6 mm gacha tezlikda ko‘tarilishda davom etayotganini tasdiqlagan. GNSS nuqtalarining gorizontal siljishi ITRF koordinata tizimida shimoli-sharqiy yo‘nalishda 2006-2018 yillar uchun o‘rtacha shimolda yiliga 19,9 mm dan, janubda yiliga 23,9 mm gacha yetgan.
Bir so‘z bilan aytganda, so‘nggi yillarda xorijiy davlatlarda amalga oshirilayotgan seysmik monitoring va yer qobig‘idagi deformasiyalarni kuzatish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarni tahlil qilgan holda, ushbu sohada doimiy faoliyat ko‘rsatadigan sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish GNSS stansiyalarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch hosil qilish mumkin.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi bazasida barpo etilayotgan GNSS stansiyalar tarmog‘i ham respublikamiz hududida olib borilayotgan seysmik tadqiqotlarni mukammal tarzda olib borish, yer qobig‘ining vertikal va gorizontal harakatlarini doimiy tarzda kuzatish imkoniyatini yaratadi.
Kelgusida mazkur barpo etilayotgan GNSS stansiyalarni O‘zbekiston Respublikasidagi mavjud doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi stansiyalar bilan integrasiya qilgan holda foydalanish keng qamrovli kuzatishlarni olib borish hamda seysmik jarayonlarni sifatli baholashda yuqori samaradorlikka erishishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA