«Sevimli» telekanali ijodiy yo‘nalishi yangilanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ommaviy axborot vositalari zimmasiga ham qator vazifalar qo‘yildi.
Bu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Sevimli” telekanali ijodiy jamoasi tomonidan birmuncha ishlar rejalashtirilmoqda.
Bugun ko‘pchilik teletomoshabinlar seriallar, ayniqsa, xorij mamlakatlarida ishlab chiqilgan seriallarni tomosha qilayotganligi hech kimga sir emas. Shuni hisobga olib, telekanal rahbariyati xalqimizning o‘ziga xos mentaliteti, qadriyat va turmush tarziga mos milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha bir qator rejalarni o‘ylayapti.

So‘nggi to‘rt yil mamlakatimizda barcha sohalar qatori ommaviy axborot vositalari mediabozorida ham keskin o‘zgarishlar va rivojlanish davri bo‘ldi. Milliy telekanallarning salmog‘i oshdi, teleauditoriyasi yana kengaydi. Bunda nodavlat telekanallarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususiy telekanallar o‘z efir dasturlarini yangi davr talabi, tomoshabinning informatsiyaga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olib tayyorlagani uchun ham odamlar qiziqishini uyg‘ota oldi. Tom ma’noda aytadigan bo‘lsak, mamlakat mediabozorida xorij telekanallari ulushi sezilarli darajada kamaydi.
O‘zbekistonda televideniye auditoriyasi tadqiqotlarini amalga oshiruvchi, Kantar va WPP xalqaro xolding tarkibiga kiruvchi «Kantar Research» MCHJning 2020 yil yakuni bo‘yicha e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, respublikamizdagi faol teletomoshabinlarning 64 foizi milliy telekanallarni, 32 foizi esa xorijiy telekanallarni tomosha qilmoqda. Umuman, televizor ko‘rmaydiganlar soni esa 4 foizni tashkil etadi.
Mazkur raqamlar orqali milliy telekanallarimiz o‘zbek tomoshabinini qaytara olgani, turli axborot xurujlari va raqobat sharoitida o‘z o‘rnini mustahkamlayotganini ko‘rish mumkin.
Biroq telekanallar efir setkasidan joy olayotgan barcha telemahsulotlar ham mazmun jihatdan badiiy pishiq deb bo‘lmaydi. Milliy telekanallarning barchasida xorijiy kino va seriallarning ulushi ko‘proq. Milliy g‘oya va ma’naviyatimizni targ‘ib qiluvchi ko‘rsatuvlar va mediamahsulotlarni yetarli emas.
“Sevimli” telekanali ham majlisda bildirilgan tanqidiy fikrlardan kelib chiqib, kanalning ijodiy yo‘nalishi va efir setkasini tubdan o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqdi va zarur amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, bosqichma-bosqich asosida xorijiy seriallar o‘rnini milliy seriallar bilan to‘ldirish amaliyoti boshlandi. Bunda telekanal tomonidan milliy kontentni shakllantirish va milliy telemahsulotlar bozorini rivojlantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan teleseriallar ishlab chiqarish amaliyoti qo‘l kelishi, shubhasiz. Ana shunday amaliyot natijasida telekanal o‘tgan yili o‘z mablag‘lari hisobidan 3 ta milliy serial suratga olib, efirga uzatdi.
Joriy yilda esa telekanal tomonidan 5 ta yangi milliy serial suratga olinmoqda. Jumladan, “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlikda 60 qismdan iborat “Orzular palatasi” serialida onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar hayoti va bu boradagi shifokorlar jonbozligi ochib beriladi. Chunki, bugun shifokorlarimiz davr qahramonlaridir. Ularning sharafli va mas’uliyatli mehnatini badiiy obrazlar orqali xalqimizga ko‘rsatish bizning burchimizdir.
Shu mavzudagi yana bir yangi yangi asar – “Dard” seriali: 40 qismdan iborat ushbu serial orqali shifokorlarning matonatli mehnati, tibbiyot sohasidagi yutuq va kamchiliklar ochib beriladi.
bugungi kunda o‘qituvchilarning zahmatli mehnati mamlakatimiz Prezidenti tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Ustozlarning hayoti va zahmatli faoliyati haqida “Kechikkan tong” nomli yangi serial ham suratga olinmoqda.
Ayni kunda ijtimoiy hayotimizda mahallaning o‘rni tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu boisdan telekanalimiz buyurtmasiga asosan, 30 qismdan iborat “Ona zamin” deb nomlangan yangi milliy serial suratga olinmoqda.
Shuningdek, 50 qismdan iborat bo‘lgan “Sabriya” seriali ham aynan mahallaning o‘rnini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Serialda mahallaning o‘rni, uning oilalarni yarashtirish va kelishmovchiliklarni bartaraf etishdagi roli ochib berilgan.
Telekanalimiz tomonidan tasvirga olinayotgan 45 qismlik yana bir yangi “Meni asra” seriali orqali insonlar o‘rtasidagi barcha munosabatlarda samimiyat va mehr-muhabbat rishtasi, insonning insonga omonatligi, bir-birini asrab-avaylashi lozimligi ko‘rsatiladi.
Telekanal ijodkorlari yangi mavzular va yo‘nalishlar, loyihalar ustida ham ish olib bormoqda.
“Sevimli” oila va oilaviy qadriyatlar, jamiyatda ijtimoiy munosabatlarning ustuvorligi, milliy va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi telekanaldir. Tahlillarga e’tibor qaratsak, bugungi kunda O‘zbekistonda faol teleauditoriyaning 52 foizini ayollar, 42 foizini erkaklar tashkil etadi. Ularning 43 foizi mehnat bozorida ishlayotgan fuqarolar bo‘lib, teletomoshabinlarning 83 foizi o‘zbek tilida so‘zlashuvchi auditoriya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda “Sevimli” telekanalining teleauditoriya qamrovi o‘rtacha 3 mln. 800 ming kishini tashkil etadi.
Shuning uchun ham, bugungi kunda telekanal tomonidan ishlab chiqarilayotgan aksariyat telemahsulotlar oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilada er-xotin, ota-ona va farzandlar, qaynona va kelin munosabatlarini yaxshilash, jamiyatda ayollarning o‘rni hamda rolini mustahkamlash, oiladagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, dushanbadan jumagacha efirga uzatilayotgan jamiyatda oila institutini mustahkamlash, ajralishlar sonini kamaytirish, qaynona va kelin munosabatlarini yaxshilashga qaratilgan yangi “Olov kelin” realiti shousi, “Mahallada duv-duv gap” tok-shousi hamda “Xayrli oqshom” ko‘rsatuvi tomoshabinlar e’tiborini qozonmoqda.

Bundan tashqari, “Sevimli” telekanali teletomoshabinlarning uyda bo‘lgan vaqtida zerikib qolmasligini ta’minlash maqsadida shanba va yakshanba kunlari uchun ham alohida efir setkasini ishlab chiqqan bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy ko‘ngilochar dastur – “Eslab, eslab...”, taniqli kino va teatr aktyorlari, davlat va jamoat arboblari hamda san’atkorlar hayotiga bag‘ishlangan yangi “Izlarim...” ko‘rsatuvi, vafot etgan taniqli shaxslar xotirasiga bag‘ishlangan “Har nafasda uyg‘oqman” ma’naviy-ma’rifiy hujjatli filmi shular jumlasidandir.
Hozirgi kunda telekanal respublikamizning barcha hududi, shuningdek, qo‘shni chegaradosh davlatlarga HD va SD formatda signallar uzatmoqda.
Telekanal endilikda Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan vedioselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar, ilgari surilgan g‘oyalarning mazmun-mohiyatini jamoatchilik vakillari, oddiy fuqarolar, yoshlar hamda aholi orasida keng targ‘ib qilish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy hamda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Xususan, “O‘zbegim” ma’rifiy dasturida milliy qadriyatlarimiz va an’analarimiz, hunarmandchilik, baxshichilik, yo‘qolib borayotgan amaliy san’at durdonalaridan xalqimizni xabardor qilish, bu borada izlanish olib borayotgan olimlar, san’at va madaniyat vakillari bilan suhbatlar uyushtirish, ularning faoliyatiga bag‘ishlangan lavha va reportajlar tayyorlash maqsad qilingan. Bundan tashqari, ushbu dasturda Hazrat Mir Alisher Navoiyning 580 yilliginini o‘tkazish to‘g‘risidagi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ulug‘ bobomiz hayoti va ijodidan namunalar tayyorlanadi.
“Inson qalbiga yo‘l” ma’naviy-ma’rifiy dasturi esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tayyorlanib, muqaddas Islom dinimiz bilan bog‘liq ijtimoiy hayotimizda uchrayotgan savollarga diniy ulamolarimiz tomonidan javoblar berib boriladi.
“Sevimli” telekanalining asosiy yo‘nalishi va maqsadi oilada mustahkam va sog‘lom munosabatlarni targ‘ib kilish, baxtli hayot va milliy qadriyatlarni hurmat qilishga chorlashdan iborat. Shuning uchun ham 2021 yildagi asosiy loyihalarimiz aynan xotin-qizlarni jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish, o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirish va hayotda yashab ketishlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Misol uchun, “Ona qizim” nomli yangi loyiha qizlarning tarbiyasi, ularni oila qurishga tayyorlash, oilada ona va qiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratiladi.

“Birgamiz” – ushbu yangi loyiha eng ibratli oilalarda er va xotinning har bir ishda bir-biriga ko‘mak va yordam berishini ko‘rsatish orqali er-xot
in munosabatlarida yuksak madaniyatni shakllantirishga qaratilgan. Bu ko‘rsatuv, shuningdek, oilalarda qiyinchiliklarni muvaffaqiyatli yengib o‘tish va, albatta baxtga erishish masalalarini o‘z ichiga qamrab oladi.
"Men o‘zim..." – mazkur teleloyihada hayotda turli sharoitlarda yashashiga qaramay, ammo jamiyatda o‘z o‘rnini topa olgan, kahramonlik ko‘rsatib, kamtarona hayot kechirayotgan, xokisor ayollar, oilali yoki ajrashgan, beva yoki turmushga chiqmagan turli yo‘nalishdagi qahramonlarimizning erishgan muvaffaqiyatlari, biznes, ilm, oiladagi fidokorligi, qahramonligi haqida so‘z boradi. Qisqa qilib aytganda, hayotda, ilm-fanda, biznesda muvaffaqiyat qozongan ayollarning turmush tarzi, ularning muvaffaqiyatga erishish yo‘llari va sirlari haqida hikoya qilinadi.
Xotin-qizlar muammolariga bag‘ishlangan “Zirapcha” loyihasi tomoshabinlarga yaxshi tanish. Mazkur realiti-shousining navbatdagi mavsumi “Zirapcha – ikkinchi baxt” deb nomlanadi. Unda 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarning o‘z muammolarini hal qilish orqali hayotda o‘z baxtini topishi real taqdirlar orqali ko‘rsatiladi.
“Qafasda”: ushbu yangi loyiha orqali hayotda o‘z yo‘lini yo‘qotib, xato qilgan ayollarning afsuslari, hayotiy kechinmalari ochib beriladi. Ko‘rsatuv qahramonlari taqdiri orqali tomoshabinga nojoiz bosilgan har qanday noto‘g‘ri qadamning oqibati og‘ir ekani ko‘rsatiladi.
«Bir kaft tuproq» yangi loyihasida esa «Mehr operatsiyasi» doirasida yurtimizga Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar taqdir yo‘liga bir nazar tashlanadi. Ularning o‘zga yurtlarda kechirgan hayoti, qiyinchiliklari ko‘rsatiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, asosiy loyihalarimiz aynan oila va ayollar masalasiga qaratilgani uchun ham bizni 25 yoshdan yuqori bo‘lgan teletomoshabinlar auditoriyasining faol qismi tomosha qiladi. “Sevimli” – O‘zbekistonning oilaviy telekanali, biz uchun eng qadrli va muhim bo‘lgan jihatlar bu – oila va xalq birdamligi, ezgulik va yaxshilik, har bir oilada mehr-muhabbat va tinchlik bo‘lishidir.
Xulosa qilib aytganda, “Sevimli” telekanali o‘tgan davr mobaynida milliy kontentga to‘liq o‘tishga katta tayyorgarlik ko‘rdi. Bu borada 20 ga yaqin yangi loyiha tayyorlandi, 10 dan ziyod milliy serialni sotib olish bo‘yicha xususiy kinostudiyalar bilan shartnomalar imzolandi, 450 dan ortiq milliy filmlar sotib olinib, telekanal arxiv bazasi boyitildi.
Ahamiyatli jihati shundaki, teletomoshabinlarning yengil-yelpi, musiqiy-ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarga nisbatan tahliliy-tanqidiy, ijtimoiy-siyosiy axborotlarga bo‘lgan qiziqishi ortgan. Jumladan, O‘zbekistonda televideniye auditoriyasi tadqiqotlarini amalga oshiruvchi «Kantar Research» MCHJning 2020 yil yakuni bo‘yicha e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, “Sevimli” telekanalida har kuni 4 marotaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli tarzda efirga uzatilayotgan “Zamon” informatsion-tahliliy dasturini umumiy teleauditoriyaning 18,1 foizi tomosha qilgan va barcha telemahsulotlar orasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. “Xayrli oqshom” hamda “Mahallada duv-duv gap” tok-shousini yurtimizdagi televizor ko‘ruvchi faol tomoshabinning o‘rtacha 19,2 foizi kuzatgani esa Yangi O‘zbekiston davrida odamlarning dunyoqarashi o‘zgarayotgani, axborotga bo‘lgan talabi o‘sib borayotganidan dalolatdir.
Bularning barchasi "Sevimli" telekanalining 2020 yilda 6-55+ yoshli auditoriya orasida eng ko‘p ko‘rilgan telekanal bo‘lishini ta’minladi. U O‘zbekistonning birinchi raqamli telekanali nomini 2020 yilda ham saqlab qoldi.
Jaloliddin Safoyev,
“Sevimli” telekanali bosh direktori