Sevara uch tengdoshini ishli qilmoqchi
Nukusda “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 130 nafar yigit-qiz o‘z biznes-rejasi va tadbirkorlik g‘oyalari bilan ishtirok etdi.
Nukusda “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 130 nafar yigit-qiz o‘z biznes-rejasi va tadbirkorlik g‘oyalari bilan ishtirok etdi.Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, Markaziy bank va boshqa tijorat banklari hamkorligida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlov yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning bu boradagi intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
– Bu yil tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 3 mingdan ziyod yosh tadbirkor qatnashdi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Obod Doniyorov. – Ular asosan chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilikni rivojlantirish bilan birga, servis xizmati ko‘rsatish, tikuvchilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z g‘oyalari, biznes-rejalarini taqdim etdi.
10 nafar yosh tadbirkorning biznes-rejasi istiqbolli, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
G‘oliblar orasida beruniylik Sevara Erkaeva ham bor. U Beruniy pedagogika kollejini tamomlab, qandolatchilik bilan shug‘ullanish niyatida.
– Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman, – deydi Sevara. – Bu amalga oshsa, uch tengdoshim ish bilan ta’minlanadi. Biznes- rejam mamlakat bosqichida ham g‘olib deb topilsa, bankdan oladigan kreditning foizini “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati to‘lab beradi. Biz, yoshlarga bunday keng imkoniyatlar yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.