Seul Ukrainadan maxfiylikni buzgani uchun uzr so‘rashni talab qilmoqda (+video)
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan va asirga tushgan ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy Janubiy Koreyaga yuborilganini ma’lum qilgach, Kiyev va Seul o‘rtasida janjal kelib chiqdi, deb xabar berdi "Euronews".
Prezident Li Je Myon ma’muriyati Ukrainadan ushbu mamlakat hududida asirga olingan ikki nafar shimoliy koreyalik harbiyni Seulga yuborish chog‘ida kelishilgan maxfiylik tartibini buzgani uchun uzr so‘rashni talab qildi. Janjal o‘tgan hafta Zelenskiy KXDRning ikki askari Janubiy Koreyaga yuborilganini ma’lum qilgandan keyin avj oldi. Ukraina yetakchisi asirlarni tirik holda qo‘lga olish oson kechmaganini ham qo‘shimcha qilgan.
Kuchayib borayotgan bu bahs Kiyevning ittifoqchilar, jumladan Janubiy Koreyadan Rossiya hujumiga qarshi turish uchun qurol-yaroq olish borasidagi sa’y-harakatini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Bayonotdan bir necha soat o‘tib, Li Je Myon Ukraina tomonini tanqid qildi.
– Ukraina nima uchun kelishuvni buzib, bu masalani oshkor qilganini tushunmayapman, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoqda.
Zelenskiyning yordamchisi Dmitriy Litvin esa vaziyatni yumshatishga urinib, Prezident faqat harbiylar topshirilgani haqidagi faktni oshkor qilganini aytib, shu tariqa Ukraina ochiq mamlakat ekanini ta’kidlagan. Seul esa holatni o‘zaro ishonch buzilishi sifatida baholagan.
Janubiy Koreya Prezidentining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vakili bayonotida mamlakat ushbu masala yuzasidan zarur qo‘shimcha chora ko‘rilayotganini bildirdi. Ya’ni, ma’muriyat Kiyevdan rasmiy tushuntirish va uzr talab qilmoqda.
O‘tgan yil boshida Ukraina Rossiya tomonida jang qilayotgan ikki nafar shimoliy koreyalik harbiyni asirga olgan edi. Ulardan biri razvedka bo‘linmasida xizmat qilganini aytgan. Janubiy Koreya Prezidenti fikricha, maxfiylik masalasi atrofidagi mojaro yadroviy qurolga ega Shimoliy Koreya bilan jiddiy taranglikka olib kelishi, Seulga nisbatan dushmanlik kayfiyatini kuchaytirishi mumkin.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, (video) O‘zA