Sertifikatga ega bo‘lmagan mutaxassislar ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlariga rahbarlik qilishi taqiqlanadi
AOKAda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompetensiyani rivojlantirish instituti rektori A’zamiddin Qo‘ldoshev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 11 sentyabrdagi “Shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari mutaxassislarini sertifikatlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan quyidagi masalalar hal etilishi belgilangan. Xususan, shaharsozlik va kommunal xo‘jaligi sohasidagi 8 ta yo‘nalishdagi mutaxassislarni sertifikatlash tizimi joriy etildi.
Dastlabki bosqichda, ya’ni joriy yil 1 oktyabrdan boshlab buyurtmachi xizmatlarining loyiha boshqaruvi va texnik nazorat mutaxassislari, loyiha tashkilotlarining mualliflik nazorati mutaxassislari, loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari, pudrat tashkilotlarining ichki nazorat mutaxassislarini o‘qitish va sertifikatlash yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab ekspertiza organlari ekspertlari, nazorat o‘lchovi mutaxassislari, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbarlari, viloyat va tuman (shahar) arxitektorlari, 2024 yil 1 apreldan boshlab hududiy nazorat inspeksiyalari inspektorlari malakasini oshirish va sertifikatlash tizimi joriy etiladi.
Qolaversa, shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida mutaxassislarni sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, bunda soha mutaxassislariga sertifikat berish, test sinovi jarayonini o‘tkazish, sertifikat berilgan mutaxassislar reyestrini yuritish va sertifikatning amal qilishini to‘xtatish tartiblari belgilangan.
Endilikda, yangicha tartibga ko‘ra, soha mutaxassislarini o‘qitish va sertifikatlash jarayonlarini tashkil etish Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompetensiyani rivojlantirish instituti tomonidan tegishli dasturlar asosida tashkil etiladi.
Sertifikatlar tegishli dasturlar bo‘yicha o‘quv kursini tugatib, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislarga beriladi. Mutaxassis test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidan QR-kod qo‘yilgan sertifikatni yuklab oladi. 2025 yildan boshlab sertifikatga ega bo‘lmagan mutaxassislarga yuqori toifali qurilish ob’ektlari bo‘yicha shaharsozlik faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlariga rahbarlik qilish taqiqlandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA