Sergey Yesenin muzeyi: tarixiy bino nega ta’mirlanmoqda?
Toshkentdagi Sergey Yesenin memorial muzeyi binosida olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari jamoatchilik e’tiborida.
Mazkur muzeyda Madaniy meros agentligi mas’ullari, mutaxassislar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazilib, binoda amalga oshirilayotgan ishlar sabablari va rejalar yuzasidan ma’lumot berildi.
Uchrashuvda Madaniy meros agentligining Muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Po‘latov, Yuridik bo‘lim boshlig‘i Ahadulla Ahmedov, Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sanjar Aripov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Muzey binosida qanday muammolar aniqlangan?
Muloqot davomida muzey binosining texnik holati bo‘yicha o‘tkazilgan vizual-instrumental o‘rganish natijalari jamoatchilikka taqdim etildi. O‘rganishlar davomida binodagi ayrim yuk ko‘taruvchi va konstruktiv qismlarda turli darajada shikastlanish hamda yemirilish holatlari mavjudligi aniqlangan.
Xususan, devorlarning ayrim qismlarida foydalanilgan qurilish materiallarining bugungi holati qo‘shimcha texnik yechimlarni talab qilishi qayd etilgan. Mutaxassislar bunday holatlarning yuzaga kelishida binodan uzoq yillar davomida foydalanilgani, konstruksiyalarning tabiiy eskirishi, tashqi muhit ta’siri va boshqa omillar sabab bo‘lganini ta’kidladi.
Shu bois binoning konstruktiv barqarorligini ta’minlash va uning tarixiy qiyofasini saqlab qolish uchun ta’mirlash-tiklash ishlarini texnik xulosalar asosida amalga oshirish zarurligi tushuntirildi.
Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan ishlarning asosiy maqsadi muzey binosini o‘zgartirish emas, balki uni asrab-avaylash, konstruktiv qismlarini mustahkamlash va muzey faoliyati hamda tashrif buyuruvchilar uchun xavfsiz sharoit yaratishdan iborat. Ta’mirlash-tiklash jarayonida binoning tarixiy qiyofasi va madaniy qiymatini saqlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Texnik o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, zarur konstruktiv qismlarni mustahkamlash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, muzey faoliyati va tashrif buyuruvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash rejalashtirilgan.
Uchrashuvda fuqarolar va OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
Madaniy meros agentligi vakillari ta’mirlash-tiklash ishlarining har bir bosqichi bo‘yicha jamoatchilik va ommaviy axborot vositalariga axborot berib borilishini ma’lum qildi. Shu tariqa, Sergey Yesenin memorial muzeyidagi ishlar, avvalo, tarixiy binoning holatini barqarorlashtirish, uning madaniy qimmatini asrab qolish va kelgusida muzey sifatida xavfsiz faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
Madaniy meros agentligi tomonidan muzeyni tarixiy qiyofasi va madaniy ahamiyatini saqlagan holda ta’mirlash-tiklash ishlarini belgilangan talablar asosida amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA