O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida do‘stlik, hamkorlikni rivojlantirishda nafaqat o‘zaro yaqin ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy aloqani mustahkamlash, balki xalq diplomatiyasini kuchaytirish ham muhim o‘rin tutadi.
Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston rus madaniyati markazining xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirish, do‘stlik va birdamlik an’analarini asrash yo‘lida olib borayotgan ishlari tahsinga sozovor. O‘zA muxbiri ushbu markaz raisi Sergey Mironov bilan suhbatlashdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 26-27-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi. Sizningcha, ushbu voqea ikki tomonlama munosabatni rivojlantirish, xususan madaniyat sohasidagi hamkorlikning yangi qirralarini ochishga qay darajada hissa qo‘shadi?

– Oliy darajadagi tashrif hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi jihatlarini topish maqsadini nazarda tutadi. Madaniyat sohasidagi hamkorlik, masalan mamlakatlarimizda madaniyat kunlarini o‘tkazish ham sinovdan o‘tgan, ham innovatsion hamkorlikning yangi formati sifatida uzoq muddatli do‘stlik tamoyili, hamkorlikni hozirgi bosqichda amalga oshirishning yangi shakllarini ifodalaydi.
– Sergey Aleksandrovich, markaz rahbari sifatida O‘zbekistonda rus madaniyatini, Rossiyada o‘zbek madaniyatini ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida nima deya olasiz?
– O‘zbek va rus xalqlari madaniyati almashinuviga ko‘maklashish Rus madaniyati markazi (RMM)ning asosiy maqsadlaridan biri. Faoliyatimizda insoniyatning madaniy xilma-xilligini saqlash, xalq an’analariga g‘amxo‘rlik qilish, boshqa ellar urf-odati, turmush tarzini hurmatlash ustuvor. Shu ma’noda yoshlarni oldingi avlod tajribasi asosida tarbiyalash, nafaqat milliy, balki boshqa xalqlar madaniyati bilan ham tanishtirishga alohida e’tibor qaratamiz. Bu jarayon insoniyat to‘plagan tajriba mahsuli. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan ruslarning boshqa millat vakillari bilan do‘stona munosabatini mustahkamlash, rus xalqining ma’naviy qadriyati, tili, an’anasi, urf-odatini asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda millatlar aro aloqani kengaytirish, milliy madaniyatlarni o‘zaro boyitish, rus va o‘zbek milliy madaniyatlarining o‘zaro ta’sirini anglashda barchaga yordam berish jamoamiz zimmasidagi muhim vazifadir.
– Toshkentda rus san’ati haftaligi, shuningdek Moskvada o‘zbek madaniyati kunlari qay tarzda tashkil etiladi? Ko‘p yillik tajribangizga tayanib, mamlakatimiz madaniy hayoti, o‘zbek xalqining urf-odati va an’analariga qanday baho berasiz?
– Madaniyat ikki va ko‘p tomonlama munosabatni mustahkamlash, o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik namoyon etish, tinch-totuv, do‘stona yashashga intilayotgan mamlakatlarning bir-biri madaniyatini o‘zaro boyitishga xizmat qiluvchi mustahkam rishtalardan biri. Muayyan tadbirlar doirasida taqdim etilgan O‘zbekistonning boy tarixi, o‘ziga xos madaniyati, me’moriy obidalari, bugungi yutuqlari madaniy hamkorlikning uzoq muddatli rejasini tizimli ravishda shakllantirish imkonini beradi.
22-24 may kunlari Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi (VDNX) majmuasi hududida madaniyat kunlari bo‘lib o‘tdi. Bu, shubhasiz, Hamdo‘stlik makonida madaniyatlarning o‘zaro yaqinlashishi va boyishiga, xalqlarimiz ma’naviy-axloqiy qadriyatlari mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
– Sergey Aleksandrovich, Markaz faoliyati, jumladan ikki davlat san’ati va madaniyati rivojiga xizmat qiluvchi muhim loyihalar haqida gapirib bersangiz.
– O‘zbekistondagi rus madaniyati markazi hech qachon “faqat ruslar uchun” ishlaydigan tashkilot bo‘lmagan. RMM ta’sis konferensiyasida qabul qilingan Nizomga ko‘ra, a’zolik uchun millat yoki tilga bog‘liq har qanday cheklov taqiqlangan. So‘nggi paytda etnik rus bo‘lmagan rusiy zabon faollar soni tez sur’atda o‘sib boryapti. Bu ruslarga xos an’anaviy internatsionalizmdan, turli milliy guruhlar vakillarining rus madaniyatiga, umuman Rossiyaga barqaror qiziqishidan dalolat.
Bu yil markazimiz tashkil topganiga 30 yil to‘ladi. Shubhasiz, ushbu yubiley haqiqiy do‘stlik va bag‘rikenglik bayramiga aylanadi. Anjumanga Rossiyadan ko‘plab hurmatli mehmonlar kelishi kutilyapti. Tantanalar doirasida qator tadbirlar rejalashtirilgan. O‘zbekiston rus drama teatri, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta opera va balet teatri, O‘zbekiston yoshlar teatri, Davlat musiqali komediya teatri artistlari hayoti va ijodi Markaz bilan chambarchas bog‘liq. RMMda jamoatchilik ijodiy guruhlari va birlashmalari, hamfikr klublar faol ish olib bormoqda. “Kalinushka” slavyan qo‘shiqlari ansambli, “Z-BEK” yoshlar ansambli, “Kuylayotgan yuraklar”, “Veteran”, “Melodiya” xor guruhlari, Yoshlar uyushmasi, “Ma’naviy meros bilan uchrashuv” ijodiy birlashmasi, Anna Axmatovaning “Mangalochi hovli” jamoat klub-muzeyi, “Shoir boshpanasi” adabiyot to‘garagi shular jumlasidan.
2019 yil jamoamizning 25 yilligi keng nishonlandi. Bayram tadbirida mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari “Xalqlar do‘stligi” maydoniga yig‘ilib, Ikkinchi jahon urushi davrida turli millat vakillaridan 15 nafar yetim bolaga boshpana bergan temirchi Shoahmad Shomahmudov oilasi xotirasini yod etib, minnatdorlik hissi bilan yodgorlik poyiga gul qo‘yishdi. O‘sha kun unutilmas sanalarga bag‘ishlangan maxsus tadbirlarda yodgorlikni ziyorat qilish an’anasini boshlab berdi. Xalqlar do‘stligi saroyida o‘tgan yubiley tantanasida davlat idoralari, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, taniqli fan va madaniyat arboblari, Rus madaniyati markazi va boshqa milliy madaniy markazlar rahbarlari, faollari ishtirok etdi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil qilingan ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari – taniqli olim, mutaxassislar, Rossiyadan kelgan mehmonlar jamoamizning millatlar aro totuvlikni mustahkamlash, rus tili va madaniyatini asrab-avaylash, vatandoshlar tarixiy xotirasini saqlashdagi muhim rolini ta’kidladilar. O‘zbekistonning samarali rivojlanishi, rossiyalik fan va madaniyat arboblarining Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishdagi ishtiroki kabi muhim mavzularga e’tibor qaratdilar. Toshkent Fotosuratlar uyida markaz tomonidan Badiiy akademiya ko‘magida tashkil etilgan “O‘zbekistonda rus san’ati qardosh xalqlar san’ati bilan hamkorlikda” nomli badiiy ko‘rgazma ochilishi ushbu katta bayramning qiziqarli voqeasi bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.
– Yurtimizda yashayotgan rus diasporasi hayoti, turmush tarzi va qiziqishi haqidagi fikr-mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Biz turli millat vakillaridan iborat O‘zbekistonni umumiy uyimiz, deb bilamiz. Huquqiy-demokratik fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidagi hamjihatligimiz, jipsligimiz maqsadga erishishning zarur sharti, muhim omili ekanini yaxshi tushunamiz.
Tinchlik, totuvlikka bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihat sa’y-harakatsiz erishib bo‘lmaydi. Osoyishtalik – jamiyat va demokratiya ravnaqi garovi. Tabiiyki, bu shart 130 dan ziyod millat, elat vakillari istiqomat qilayotgan, 16 diniy konfessiya faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Shuning uchun ham mustaqillikning ilk kunlaridanoq yurtimizda ayni masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Konstitutsiyamizda barcha millat vakillari mamlakatning davlat, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy hayotida keng va erkin ishtirok etishi kafolati mustahkamlab qo‘yilgan, O‘zbekiston xalqi millatidan qat’i nazar, shu davlat fuqarosi ekani alohida ta’kidlangan. Ular bir xil huquq va erkinlikka ega, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdir va bu amalda tasdiqlangan.
Bugun g‘urur bilan e’tirof etish kerakki, respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari mustaqillikni mustahkamlash, demokratik jamiyat qurishga munosib hissa qo‘shmoqda. Yurtimizda Ona tilimiz, madaniyatimiz va san’atimiz, xalqning hunarmandligi, urf-odati va an’analarini rivojlantirish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Mas’uliyat bilan aytaman, bunday sharoit hamma davlatda ham mavjud emas. Maktab va universitetlarda ta’lim yetti tilda olib boriladi. Yirik diaspora jamoalari tillarida gazeta va jurnallar nashr etiladi, radio va teledasturlar efirga uzatiladi. Respublikada tashkil etilgan milliy madaniyat markazlari (MMM) faoliyati Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat tantanasi, millatlar aro munosabatlar uyg‘unlashuvining yorqin misolidir.
Bugungi kunda respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniyat markazlar sifat jihatidan o‘sib, nufuzli jamoat tashkilotlariga aylandi. Milliy madaniyat sohasida o‘z ixtiyori bilan mehnat qilayotgan faollar shijoati tufayli bugun ular nafaqat madaniy-ma’rifiy, ma’naviy, balki siyosiy-ijtimoiy xususiyatga ega murakkab muammolarni-da hal qila boshladi. Asoysisi, bir-biridan ayro emas, aksincha yaqin aloqada, uzviy ishlamoqda.
Saidmurod Rahimov suhbatlashdi.
O‘zA