Sergey Kislitsa: G‘arb Ukraina tezda taslim bo‘ladi, deb ishongan (+video)
Ukraina va Rossiya o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bir necha yildan beri davom etmoqda. Ammo, ularning tafsilotlari har doim ham oshkor qilinmaydi. Ukraina prezidenti idorasi rahbarining o‘rinbosari Sergey Kislitsa BBC muxbirlariga bergan intervyusida muzokaralar jarayoni, bunda AQSHning roli va Rossiya - Ukraina urushi qanday boshlangani haqida gapirgan.
U 2022-yil 23-fevraldan 24-fevralga o‘tar kechasi Rossiya hujumi aynan BMT ning Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi paytida boshlanganini eslaydi. Sergey Kislitsa 2022-yil fevral oyida ya’ni urush boshlanganida Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili edi. U hujum boshlanganini telefon orqali bilganini aytadi. U Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzyadan bu haqda izoh so‘ragan. Ammo, qoniqarli javob ololmagan.
Bunga ham roppa-rosa to‘rt yil bo‘ldi. Shundan beri bu urushni to‘xtatish choralari qidiriladi. Ko‘plab muzokaralar, uchrashuvlar tashkil etildi. So‘nggi yilda muzokara vakillarining tarkibi va joyi ham o‘zgardi. Ilgari Rossiya-Ukraina masalasidagi asosiy uchrashuvlar Istanbulda o‘tgan bo‘lsa, keyingi muloqotlar Abu-Dabida bo‘lib o‘tdi.
Bu muzokaralar jarayonida Rossiya delegatsiyasi tarkibida ham ko‘p o‘zgarishlar kuzatildi. Ilgari siyosatchilar va TIV vakillari qatnashgan bo‘lsa, keyinchalik harbiylar va maxsus xizmat vakillari ishtirok etgan.
Sergey Kislitsaning aytishicha, harbiylar vaziyatni amaliy jihatdan to‘g‘ri tushunadi va mafkuraviy bahslarga berilmaydi. U texnik masalalarning 90 foizi bo‘yicha kelishuvga erishilganini bildirgan. Faqat 10 foiz muammolar, ya’ni hududlar maqomi, Zaporoje atom elektrostansiyasining nazorati kabi masalalar yechilmay qolgan.
U shuningdek, bu urushning faqat front chizig‘idan iborat emasligini, balki zamonaviy urush ekanligiga urg‘u bergan. Chunki, dronlar, yuqori aniqlikdagi qurollar va kuzatuv tizimlari ishlatilmoqda.
Kislitsaning aytishicha, hatto bugungi “otishmani to‘xtatish” tushunchasi ham xalqaro hujjatlarda aniq belgilanmagan. Masalan, Jeneva konvensiyasida bu atama bugungi kundagi ma’nolarni ifodalamaydi.
Shuning uchun, XXI asr urushiga XIX–XX asr qoidalari bilan yondashish qiyin va xalqaro huquqni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi, deya ta’kidlagan. Muzokaralarda AQSH alohida o‘rin tutadi, deydi u. Chunki, Amerika vakillari faqat kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi sifatida savol beradi, taklif kiritadi va hujjatlarni muvofiqlashtiradi.
Idora vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunday katta miqyosdagi sulhni nazorat qilish uchun sun’iy yo‘ldoshlar, aviatsiya va tahlil tizimlari kerak. Bunday imkoniyat hozircha faqat AQSHda bor.
U shuningdek, 2022-yil arafasida AQSH Kiyevni va hamkorlari hisoblanmish Yevropa Ittifoqini Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumi haqida ogohlantirganini aytdi. O‘shanda, afsuski ishonishmagan. Biroq, urush boshlanganidan keyin G‘arb davlatlari hatto Xavfsizlik kengashining bir necha a’zolari Ukraina tezda taslim bo‘ladi va bizni qo‘lga olishadi, deb o‘ylashgan. Uning fikricha, agar yordam Ukrainaga ertaroq berilganida edi, urush ancha oldin tugashi mumkin edi. Biroq, Ukraina armiyasi 2022-yildagidan ancha kuchli, deb xulosa qilgan Kislitsa.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/p4FrZ-Vwws8" title="Sergey Kislitsa: G‘arb Ukraina tezda taslim bo‘ladi, deb ishongan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA