Sergey Fomin va Humoyun Sultonov Xitoyda bosh sovrinni ko‘zlamoqda
Xitoyning Vunin shahrida tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida “Challenger” turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda ikki hamyurtimiz Sergey Fomin va Humoyun Sultonov muvaffaqiyatli start oldi.
Sovrin jamg‘armasi 63 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur musobaqada hamyurtimiz Humoyun Sultonov mezbonlar vakili Van Vangni 6:3, 7:6 hisobida taslim etdi. Shu tariqa tennischimiz, ikkinchi davrada xitoylik Fatszin Sun bilan raqobatlashadi.
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin esa neytral tennischi Daniil Ostapenkov bilan kuch sinashib, 6:3, 6:4 hisobida zafar quchdi va nabatdagi bosqichda avstraliyalik Moerani Buzigega qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA