Serdar Berdimuhamedovning g‘alabasi rasman e’lon qilindi
Turkmanistonning amaldagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov prezident saylovida g‘alaba qozondi, deb ma’lum qildi Markaziy saylov komissiyasi. Saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, uning nomzodini 72,97 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlagan.
"Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedov Turkmaniston prezidenti etib saylandi", – deyiladi MSK tarqatgan xabarda.
Avval xabar qilinganidek, 12 mart kuni Turkmanistonda muddatidan avval prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Davlatning oliy lavozimiga uchta siyosiy partiyadan hamda fuqarolar tashabbuskor guruhlari tomonidan ko‘rsatilgan to‘qqiz nomzod da’vogarlik qildi. Serdar Berdimuhamedovning raqiblari birgalashib jami 27,03 foizlik ovozga ega bo‘lishdi. Raqiblar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni Turkmaniston davlat jismoniy tarbiya va sport institutining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Xidir Nunnayev ko‘rsatdi. U 11,09 foiz ovoz olgan.
Hukumatni boshqarayotgan Turkmaniston Demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan Serdar Berdimuhamedov 1981 yil 22 sentyabrda Ashxabodda tug‘ilgan. U 2001 yilda S.A.Niyazov nomidagi Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetini, 2011 yilda Rossiya Diplomatiya akademiyasi bitirgan. “Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis” diplomiga ega. Texnika fanlari doktori.
Serdar Berdimuhamedov 2011-2013 yillarda Jenevadagi xavfsizlik siyosati Markazida o‘qib, “Yevropa va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis” darajasini olgan. Shu yillari u Jenevada joylashgan Turkmanistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasida maslahatchi bo‘lib ishladi.
Shundan buyon yosh Berdimuhamedov Turkmaniston hukumati tarkibida turli lavozimlarda ishlab keladi. Serdar Berdimuhamedov "Turkman alabayi" hamda Axaltekin otchilik assotsiatsiyalarini boshqarib keladi.
Harbiy unvoni podpolkovnik. Ingliz va rus tillarini biladi. Bobosi Malikguli Berdimuhamedov nomidagi medal bilan mukofotlangan. Uning to‘rt nafar farzandi bor. Xabarda aytilishicha, prezident inauguratsiyasi 19 martda bo‘lib o‘tadi.