Serbiya va O‘zbekiston Belgradda strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgradga birinchi rasmiy tashrifi chog‘ida transport, energetika, raqamlashtirish va mehnat harakatchanligi bo‘yicha jami 20 hujjat imzolandi, erkin savdo bitimiga tayyorgarlik boshlandi va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo O‘rta yo‘lagini qo‘llab-quvvatlash tasdiqlandi.
Seshanba kuni Belgradda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi; ikki davlat Prezidentlari ishtirokida ko‘plab kelishuvlarga erishildi.
Davlatimiz rahbari serbiyalik hamkasbi Aleksandr Vuchich bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shundan so‘ng ikki mamlakat hukumati va ishbilarmon doiralarining 200 dan ziyod vakilini jamlagan biznes-forum o‘tkazilib, qo‘shimcha tijorat shartnomalari tasdiqlandi.
– Serbiya va O‘zbekiston bir-biridan minglab kilometr masofada joylashsa-da, ma’naviy jihatdan yaqin: bizni mehmondo‘stlik, or-nomus va o‘zaro hurmatga birlashtirib turadi, – dedi Vuchich. – Bugun biz umumiy tariximizning yangi sahifasini ochmoqdamiz.
Shavkat Mirziyoyev strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorni tarixiy, deb atadi:
– Bugun biz Serbiya va O‘zbekiston strategik sherikligini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qildik. Bu tashrifimiz beqiyos ahamiyatga egaligi fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi.
Serbiya Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil tovar ayirboshlash rekord darajadagi 41,9 million dollarga yetdi. Bu 2024-yildagi 32,9 million dollarga nisbatan 27 foiz ko‘p. Ushbu davlatdan yurtimizga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari kirib kelishi shu yilning dastlabki yetti oyida 54,1 foiz oshdi.
Imzolangan hujjatlar xalqaro avtomobil va temir yo‘l tashuvi, qishloq va suv xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energetika, farmatsevtika, biotexnologiya, turizm, madaniyat va raqamlashtirish, mehnat migratsiyasi, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit muhofazasi, kinematografiya va qo‘shma kino ishlab chiqarish, shuningdek nogironlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Belgrad va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yetti-sakkiz oy ichida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan sanoat hamkorligi bo‘yicha harakatlar rejasi kelishib olingan.
Transport aloqalarini rivojlantirish har ikki davlat uchun ustuvor yo‘nalish ekanligini inobatga olib, Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘laydigan Transkaspiy savdo yo‘nalishi – O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlovchi hujjat ham ma’qullandi.
Ayni payt Samarqand viloyati va Voyevodina muxtor o‘lkasi hamkorligi o‘rnatilgan, Toshkentda Serbiya elchixonasi ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
Tashrif Vuchichning 2025-yil oktabr oyidagi O‘zbekistonga safariga javoban amalga oshirildi. O‘zbekiston Belgradda bo‘lib o‘tadigan "Ekspo-2027" anjumanida milliy mahsulotlari bilan ishtirok etadi.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA