Senatorlar talaba-yoshlar bilan uchrashdi
Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi a’zolari talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi a’zolari talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Ma’lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning yangi bosqichida oliy qonun chiqaruvchi organ zimmasiga o‘ta mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan. Xususan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish sohalarida qonunchilik negizini mustahkamlash hamda qonunlar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash kabi masalalar mazkur tashkilot vazifasiga kiradi.
Bu yo‘nalishdagi aniq maqsadlarga erishish uchun Oliy Majlis Senati tarkibidagi qo‘mitalar faol ish olib bormoqda. Jumladan, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan tegishli qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish borasida amaliy faoliyat yuritilmoqda. Shuningdek, agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya sohasidagi mavjud qonunchilik bazasini tahlil qilish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish kabi yo‘nalishlar ham qo‘mita diqqat markazida turibdi.
Tadbirda yoshlarga parlament yuqori palatasi, uning tuzilmalari faoliyati, yoshlarni agrar sohada tadbirkorlikka jalb qilish, ular orasida tadbirkorlikni rivojlantirish haqida so‘z yuritildi. Qo‘mita faoliyati borasida batafsil ma’lumotlar berildi, yoshlar bilan jonli muloqot qilinib, ularni qiziqtirgan masala va o‘ylantirayotgan muammolar o‘rganildi. Bandlik, ilmiy faoliyatni davom ettirish, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, imtiyozli bank xizmatlaridan foydalanish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
– Yoshlarga oid masalalar davlatning doimiy diqqat markazida turgan eng dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi, – dedi Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Dilshod Ismoilov. – Tadbir davomida biz mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, tafakkurini kengaytirish va intellektual salohiyatini oshirish yo‘lida qilinayotgan ishlar bilan tanishdik. Shuningdek, agrar sohaning yangi rejalari, erishilgan yutuqlar, ekologiyani asrashda biz – yoshlarning ishtirokimiz borasida tushunchalarga ega bo‘ldik.