Senatorlar Parlament so‘roviga javobdan qoniqmadi
Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan, xususan, nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Mazkur so‘rovda ko‘tarilgan muammolarni hal etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan muayyan chora-tadbirlar belgilangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Biroq Parlament so‘rovida qayd etilgan 7 ta masala yuzasidan hech qanday munosabat bildirilmagani senatorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Qo‘mita raisi B.Sayfullayev majlisda Hukumat a’zolaridan ushbu vazifaga mas’ul bo‘lgan birorta vakil qatnashmayotganini keskin tanqid qildi. Buni masalaga yuzaki yondashish va mas’uliyatsizlik, deb baholadi.
Irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohni taqiqlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash, nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sifatini oshirish uchun o‘smirlar tibbiyot dispanserlari faoliyatini tanqidiy-tahliliy baholash, fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganliklari va taraflarning tibbiy natijalardan xabardorligini aniqlash bo‘yicha majburiyat mezonlarini ishlab chiqish va javobgarligini aniq belgilash kabi masalalarga e’tibor qaratilmagan.
Bundan tashqari, senatorlar aholiga qulaylik yaratish maqsadida nikoh oldi tibbiy ko‘rikni tuman(shahar) ko‘ptarmoqli markaziy poliklinikalar qoshida barcha tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Mamlakatimizda yangi tashkil qilingan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida maxsus kurslarni joriy etish fikrini bildirdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
– Beshta muhim tashabbus doirasidagi tadbirlar asosan ta’lim muassasalarida tashkil etilmoqda, 18-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni va aholini keng jalb qilish yuzasidan ishlar yetarli darajada tashkil qilinmayapti, – dedi Baxtiyor Sayfullayev. – Beshta muhim tashabbusning har bir mahallaga kirib borishini ta’minlash borasida tegishli tashkilotlar ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishi zarur. Ba’zi maktablar sport inventarlari bilan jihozlanmagan. Bunaqada yoshlarni sportga jalb qilib bo‘ladimi? Bunga javobgar mutasaddilar e’tiborsiz. Davlatimiz rahbari kollejning bo‘sh qolgan ob’ektlarini kutubxonaga aylantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Har bir tuman markazlarida kutubxonalar tashkil etish belgilangandi. Ammo hali birortasi bajarilmadi. Bir maktab kutubxonasiga kirganimizda kutubxonada aytarli kitob yo‘q. Darsdan keyin majburlab bir sinf o‘quvchilarini kiritib qo‘ygan. Bolalar tez aytish o‘ynashyapti. Kutubxonaga bola kitob o‘qish uchun kiradiku. Buni bizga ko‘rsatish uchun ko‘zbo‘yamachilik qilishgani ham ayon, albatta.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA