Mamlakatimizda 6 ming 824 davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularning 1 ming 172 tasida 83 nafar tadbirkor tomonidan autsorsing xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Qolganida bolalarni an’anaviy usulda ovqatlantirish tashkil etilgan.
2023 yil 1 sentyabrdan yurtimizning barcha hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bog‘chalar uchun taomlar retsepti to‘plamidan foydalangan holda tuzilgan 10 kunlik Yagona mavsumiy taomnoma asosida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish tashkil etilgan.
Bu Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida Andijon viloyatida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirish holati muhokamasi jarayonida qayd etildi.
Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida jami 549 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, ularda 122 ming 386 nafar bola tarbiyalanmoqda.

103 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilgan bo‘lib, 7 ta autsorserga oshxonalar ijaraga berilgan. Qolgan 446 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tashkil etilgan.
Senatorlar o‘rganilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyuldagi 626-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom talablari asosida tashkil etilmayotganiga e’tibor qaratdi.
Xususan, Shahrixon tumani 52-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi eski bo‘lib, oshxona tashqi va ichki xonalari to‘liq ta’mirtalab, stol, stul va boshqa jihozlar yetishmaydi. Oshxona sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi, tozalash ishlari o‘tkazilmagan, bolalar uchun idish-tovoqlar yetarli emas.
Shuningdek, taom tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qabul qilish, saqlash uchun zarur sharoitlar yaratilgani o‘rganilganda Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida brakeraj komissiyasi tomonidan mahsulotlar qabul qilib olinmayotgani natijasida sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari kirim qilingani aniqlandi.
O‘rganilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida taomnomalar nizomning 6-bandiga zid ravishda, ya’ni 10 kunlik Yagona mavsumiy taomnoma asosida tuzilmagan. Tuzilgan taomnoma Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hududiy bo‘limlari bilan kelishilmagan hamda taomnomalarga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilmagan.
Majlisda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirish masalasi yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari ham eshitildi. Senatorlar tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Jumladan, jismoniy shaxsni biometrik identifikatsiya qilish tizimi orqali tarbiyalanuvchilar davomatini yo‘lga qo‘yish hamda shu asosda oziq-ovqat xarajatlarining aniq hisobini yuritish, ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha brakeraj komissiyalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilib olishda tashkilot rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish kabi takliflar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA