Senat yalpi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Unda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi, sug‘urta hodisasi, sug‘urtalangan shaxs, sug‘urtalovchi, sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari mustahkamlangan.

Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari manbalari, sug‘urta badali stavkasi, sug‘urta badallarini to‘lovchilar, davlat ijtimoiy sug‘urtasi moliyaviy barqarorligining davlat kafolatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish kabi qator masalalar nazarda tutilgan.

Senator Husan Ermatov ushbu qonunning ayrim normalarini qayta ko‘rib chiqish va qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish lozimligiga e’tibor qaratdi. Xususan, qonunda vakolatli organning vakolatlari va vazifalari ochib berilmagan.

Qonunda o‘ndan ortiq havolaki normalar mavjudligiga urg‘u berildi. Bu esa qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga olib kelishi qayd etildi. Qonun qabul qilinishi natijasida amaldagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish masalasi qonunda nazarda tutilmagan.

Senatorlar ushbu kamchiliklar bartaraf etilishi lozimligi xususida o‘zlarining takliflarini bildirdi. Muhokama natijalari bo‘yicha qonun senatorlar tomonidan rad etildi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA