Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari soni 203 taga yetdi. Talabalarni qamrab olish darajasi esa 42 foizga oshdi.
Shu bilan bir qatorda sohada ayrim dolzarb masalalar bo‘yicha aholining murojaatlari soni ham ortib bormoqda. Xususan, fuqarolar bir vaqtning o‘zida ikki oliy ta’lim muassasasida, masalan, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasasida kunduzgi va masofaviy yoki kechki va sirtqi shakllarda tahsil olish imkoniyatlari nega cheklangani borasida murojaat qilmoqda.
Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziriga senator so‘rovi yubordi.
So‘rovda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq, fuqarolarga ta’lim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani qayd etilgan. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida esa yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash, ularning intellektual rivojlanishiga sharoit yaratish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Biroq amaldagi tartibga ko‘ra, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan abituriyent faqat bitta oliy ta’lim muassasasiga asl hujjatini topshirishi mumkin.
Shuningdek, HEMIS axborot tizimida bir marta ro‘yxatdan o‘tgan talaba boshqa oliy ta’lim muassasasida qayta ro‘yxatdan o‘ta olmaydi. Bu holat esa yoshlarning bir vaqtning o‘zida bir nechta ta’lim yo‘nalishida bilim olishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Senator so‘rovida shu kabi cheklovlar xorijiy davlatlarda, xususan, AQSH, Yevropa, Rossiya, Qozog‘istonda mavjud emasligi, aksincha, talabalar bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta’lim muassasasida tahsil olib, ikki va undan ortiq diplomga ega bo‘lish imkoniyatiga ega ekani ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan senator vazirdan fuqarolarga bir vaqtning o‘zida davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining ikkitasida tahsil olish imkoniyatini yaratish yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni so‘ragan.
N.Abduraimova, O‘zA