Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi, adolat va ishonch tamoyillarini zaiflashtiruvchi jiddiy muammolardan biridir.
– Korrupsiya – davlat boshqaruvi, biznes va kundalik hayotda nomutanosiblik va huquqbuzarliklarga olib keladi, – dedi Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov. – Shu bois, unga qarshi kurashish nafaqat davlat organlarining, balki har bir fuqaroning burchidir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi hamda unga qarshi kurashish borasida vazifalarni belgilab berdi.
Shuni ta’kidlash lozim, investitsiya sohasida korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish – shaffof va barqaror iqtisodiy muhitni yaratishning asosiy sharti.
Korrupsiya investorlarning ishonchini so‘ndirib, investitsiya oqimini susaytiradi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi. Shu bois, investitsiya jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash, raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va qonun ustuvorligini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Har qanday sarmoyador to‘g‘ri qoidalar va kafolatlangan huquqiy muhitda ish yuritishni istaydi. Shunday ekan, biz korrupsiyaga barham berish orqali xalqaro investorlar uchun jozibador muhit yaratishga, tadbirkorlarning erkin va adolatli sharoitda faoliyat yuritishiga ko‘maklashishimiz kerak.
Yuqorida ta’kidlangan masalalardan kelib chiqib, qo‘mitamiz bilan birga yana bir bor o‘z reja va maqsadlarimizni qayta ko‘rib chiqdik. Tegishli muhim sohalar bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarimiz hamda maqsad va vazifalarimizni belgilab oldik.
Muxtasar qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun qonun ustuvorligini ta’minlash, shaffoflikni oshirish va jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish talab etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda hamjihat bo‘lib, qonunlarga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, va, ayniqsa, yosh avlodni halol tarbiyalashimiz lozim.
N.Abduraimova, O‘zA